• Ishonch telefoni:230-13-73

Universitetimiz talabalarining respublika fan olimpiadasidagi ishtiroki

11-12-may kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo’lib o’tgan “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan talabalar respublika fan olimpiadasida universitetimizning ingliz tili 2-fakulteti 104-guruh talabasi Qirg’izboyeva Mohlaroyim faol ishtirok etib, mutaxassis qatnashchilar bilan bellashib, 57 ta ishtirokchilar orasida faxrli 12-o’rinni, IV tur - Informatika va axborot texnologiyalari faniga oid test yechish bosqichida 1-o’rinni egalladi.

Mohlaroyimning bu yutug’i ortida Zamonaviy axborot texnologiyalari kafedrasi katta o’qituvchi G.A.Ablizovaning og’ir mehnati yotibdi. Chunki fanning mutaxassislari bilan yuzlashish, ular bilan tengma-teng raqobat qilish ancha kuch talab qiladi. Bu haqida Mohlaroyimning o’zi shunday deydi:

“To’g’risini aytganda, bu yutug’imning asosiy sababchisi menga yaqindan yordam bergan o’qituvchim G.A.Ablizovadir. Chunki menga bergan bilimlari tufayli mutaxassislarni ortda qoldirib, 50 ta testdan 47 ta ishladim va “Eng ko’p test ishlagan qatnashchi” nominatsiyasi g’olibi bo’ldim. Buning uchun, avvalo, universitetimiz ma’muriyatiga, menga hamma shaoitlarni yaratib bergan ingliz tili 2-fakulteti dekani P.Omanovga, Zamonaviy axborot texnologiyalari kafedrasi o’qituvchilariga, guruh rahbarim J.Tursunxo’jayevga va ustozim G.A.Ablizovaga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Kelasi safar bundanda katta yutuqlarga erishishga va ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman.”

16 May 2018
Chop etish