• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

“BIZ SEVGAN SANʼATKOR” NOMLI MAʼNAVIY-MAʼRIFIY TADBIR

Kitob – insonning erkin fikrlashi, dunyoqarashining kengayishi, aqlan yetuk boʻlishi, maʼnaviyatining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Mutolaa qilgan insonning aqli charxlanib, maʼnaviyati boyib, yetuklik sari ildamlayveradi. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, oʻqishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz tili birinchi fakultetida tashkil etilgan “Biz sevgan sanʼatkor” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda shu haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda “Guliston” jurnali bosh muharriri, yozuvchi Mamatqul Hazratqulov, Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov va boshqalar xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, navqiron avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va yuksak salohiyatli insonlar etib tarbiyalashda kitobning oʻrni beqiyos ekanini taʼkidladi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bu borada yuksak samaralar berayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda maktablarda, turli oʻquv maskanlarida, aholi gavjum joylarda kitob yarmarkalari oʻtkazilmoqda. Turli kitobxonlik tanlovlarini oʻtkazish, kitob bayramlarini uyushtirish orqali yoshlarni kitobga boʻlgan muhabbatini oshirishga harakat qilinmoqda. Bundan ruhlangan yoshlar qoʻliga kitob olib, mutolaaga shoʻngʻimoqda.

– Mana shunday tadbirlarning oʻtkazilishi biz, yoshlarning kitob oʻqishga boʻlgan ishtiyoqimizni yanada oshiradi, – deydi universitet talabasi Husniddin Usmonaliyev. – Bugungi adabiy kechadan soʻng oʻzbek adabiyotini doimiy ravishda mutolaa qilishni maqsad qildim. Albatta, kimki oʻz hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirmoqchi ekan, koʻproq kitob mutolaa qilishi lozim. Chunki kitob odamning butun hayoti mazmuniga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Agar har kuni ozgina boʻlsa-da, kitob mutolaa qilsak, qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlish bilan birga, fikrlash layoqatimizni ham rivojlantiramiz, bilmaganlarimizni oʻrganamiz.

Uchrashuvda sheʼr va gʻazallar oʻqildi. Yoshlar oʻz ijod namunalaridan yigʻilganlarni bahramand etdi.

Manba: www.faculty.uz

29 Dekabr 2018
Chop etish
-->