• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O‘zDJTU REKTORINING UNIVERSITET JAMOASI VA TALABALARGA YO‘LLAGAN YANGI YIL TABRIGI

Qadrli do‘stlar!

Aziz hamkasblar!

Universitetimizning ahil jamoasi va talabalarini qutlug‘ qadamlari bilan kirib kelayotgan yangi — 2019 yil bilan chin qalbdan samimiy tabriklayman.

Yakuniga yetib borayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida bosib o‘tgan yo‘limizni va ro‘y bergan voqealarni, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni shukronalik bilan ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazamiz. Shubhasiz, 2018 yil biz uchun samarali va xosiyatli yil bo‘ldi, deb aytish uchun to‘liq asoslarimiz bor. Ozod va obod maskanga aylanib borayotgan O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va oqilona siyosat samaradorligi – xalqimiz turmush tarzini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ijtimoiy himoya qilish, tinchlik-totuvlik, mustaqillikni asrab-avaylash, mislisiz bunyodkorlik ishlarida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Azizlar!

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan yangi - 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e‘lon qilindi.

Demak, kirib kelayotgan yangi yil davlatimiz siyosatining bosh maqsadini, ya‘ni, inson manfaati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, hayotimizni yanada obod va farovon etish yo‘lida yana bir ulkan qadam bo‘ladi.

Qadrli hamkasblar!

Sanoqli kunlardan keyin Yangi yil bayrami yurtimizda o‘zgacha shukuh, ko‘tarinkilik bilan o‘tadi. Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor kirib kelayotgan yangi - 2019 yil bilan muborakbod etaman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Yangi yilingiz qutlug‘ kelsin!

O’zDJTU rektori G’.RAHIMOV

29 Dekabr 2018
Chop etish
-->