• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O‘ZDJTUDA MALAYZIYA UNIVERSITETLARI BILAN O‘QITUVCHILAR HAMDA TALABALAR ALMASHINUVI DASTURINI YO‘LGA QUYISH MASALASI MUHOKAMA QILINDI

Kuni kecha Malayziyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Dato Noraini binti Abd Xamid xonim ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zDJTUga keldi.

O‘zDJTU rektori qabulxonasida bo‘lib o‘tgan muzokara tomonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Muzokara O‘zDJTUda malay tili markazini tashkil etish va ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini kengroq muhokama qilish bilan boshlandi.

Suhbat davomida Sultan Idris pedagogika universiteti bilan ikki tomonlama o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga quyish, “Malay tili” yangi avlod o‘quv darsligi ustida birgalikda ish olib borish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalarini davriy nashrlarda va elektron manbalarda chop etish, har yili 2 nafar malay tilini o‘rganuvchi talabani qisqa muddatli kurslarga yuborish va hamkor universitetdan 2 nafar talabani universitetga qisqa muddatga taklif qilish, 1 nafar mutaxassisni malay tili va madaniyatidan dars berish uchun uzoq muddatga taklif qilish, kelishgan holda, yo‘nalishni aniqlab, universitet mutaxassisini Sultan Idris pedagogika universitetiga pedagogik faoliyat olib borish uchun yuborish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zDJTUda 20 ta xorijiy tillar qatori malay tili ham ikkinchi til sifatida 1996 yildan beri o‘qitib kelinadi.

Universitetda malay tilini ikkichi til sifatida o‘rganuvchi 4 ta guruh mavjud. 60 nafar talaba esa malay tili va madaniyatini o‘rganishmoqda.

Har yili 10 dan ortiq talaba malay tili mutaxassisligi bo‘yicha universitetni tamomlab, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarda, aeroportlarda, mehmonxonalarda faoliyat yuritishadi.

Malayziya elchixonasi tomonidan har yili e’lon qilinayotgan MTCP dasturi orqali universitet o‘qituvchi va talabalari Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida malakasini oshirib qaytmoqdalar.

Bugunga kelib, O‘zDJTU Malayziyaning Perlis universiteti, Baynari universitetlari hamda Sultan Idris pedagogika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Shu yilning 21-22 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Sultan Idris pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Malay tilini rivojlantirish bo‘yicha 5-Xalqaro Konferensiya”da Singapur, Indoneziya, Bruney va Malayziyadan tashrif buyurgan 50 dan oshiq professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

10 Mart 2018
Chop etish
-->