• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O`zDJTU ROSSIYANING ADIGEY UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIKDA KADRLAR TAYYORLAYDI

Bugun 6-iyul kuni O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Adigey davlat universiteti (ADU) vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. ADU rektori Mami Daud Kazbekovich hamda Xalqaro fakultet dekani Susanna Tlexatuk Ruslanovnalar bilan O`zDJTU rektori G`. Raximov boshchiligidagi universitet vakillarining uchrashuvi qizg`in muhokamalarga va samarali natijalarga boy bo`ldi.

Rasmiy uchrashuv avvalida O`zDJTU rektori mehmonlarga universitet shart-sharoitlarini va fakultetlarni tanishtirdi. Shundan so`ng ikki universitet o`rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ya’ni, ADU bilan O`zDJTU o`rtasida rus tili va zamonaviy axborot texnologiyalari yo`nalishida Qo`shma dasturni yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi.

Eng asosiysi: endilikda O`zDJTU talabalari 2 yoki 4 semestr muddatga Adigey davlat universitetida tahsil olishlari va ikkita diplomga, ya’ni O`zDJTU va ADU bakalavr darajalariga ega bo`lishlari mumkin.

Uchrashuv davomida O`zDJTU rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri N. Petruxina va zamonaviy axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri M. Aliyevlar bir qancha takliflar bilan murojaat qilishdi va ularning tashabbuslari mehmonlar tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Shuningdek, talabalarni hamkorlikda o`qitish maqsadida ADU universiteti professorlari ham O`zDJTU talabalariga ma’ruza o`tishi va talabalar amaliyot jarayonlarini bevosita ADUda o`tkazishlari ham kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv Hamkorlik to`g`risidagi bitimning kelgusi istiqbollaridan biri bo`lib, ikki universitet hamohangligida professional kadrlar tayyorlashga qaratiladi. Hamkorlik asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha bitim O’zDJTU rektorining Adigey davlat universitetiga tashrifi chog’ida 2018-yilning 19-dekabr kuni ADU va O‘zDJTU o‘rtasida imzolangan edi.

Tashrif yakunida ADU rektori Mami Daud Kazbekovichga milliy chopon va doppi taqdim etildi. Universitet vakillari mazkur universitetlararo do`stlik uzoq yillar davom etishini ta’kidlashdi.

O`zDJTU Matbuot xizmati

06 Iyul 2019
Chop etish
-->