• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

YAPONIYANING BUNKYO GAKUEN UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIGIMIZ KENGAYMOQDA

Bugun O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Bunkyo Gakuen universiteti vakillari bilan samarali natijalarga va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuvda Ta’lim muassasalari Vasiylik kengashi raisi, Bunkyo Gakuen universiteti Biznes boshqaruvi fakulteti professori Masakazu Shimada, xalqaro aloqalar bo`limi boshlig`i Omoteno Matsuki va universitetimiz rektori G`. Raximov boshchiligidagi O`zDJTU vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida O`zDJTU rektori o`quv adabiyotlar bilan ta’minlash masalasini ilgari surdi va bu boradagi tashkiliy ishlarni kelishib olishdi. Undan so`ng esa birgalikda professional mutaxassislar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

“Hozirgi zamonda faqatgina til bilishning o`zi yetarli bo`lmay qoldi. Yapon tili bilan birga talabalarimiz sizning universitetingizga borib turizmni yoki boshqa biror bir sohani o`rganib, mutaxassis bo`lib yetishishsa, ana o`shandagina biz yaxshi natijalarga erishgan bo`lamiz”, deb ta’kidladi G`. Raximov.

Hamkorlik aloqalari doirasida, shuningdek, “Yapon tilini o`qitish metodlari” yoki “Xalqaro munosabatlar” yo`nalishi bo`yicha qo`shma ta’lim dasturlarini joriy etish, yaponiyalik o`qituvchilarni O`zDJTUga jalb qilish, o`zbek-rus tillari bo`yicha qisqa va uzoq muddatli kurslarni tashkil qilish masalalari ko`rib chiqildi.

Yaponiyaning Bunkyo Gakuen universitetida bizning universitetimizdagi kabi elektron jurnal faoliyat yuritadi. Ikki universitet vakillari mana shu jurnallar doirasida ham hamkorlikni kengaytirib, talabalarning ilmiy maqolalarini chop etish masalalarini ko`rib chiqishdi.

 

Rasmiy uchrashuvdan so`ng mehmonlar O`zDJTU fakultetlari, Vebster universitetining magistratura dasturi, Innovatsion markaz faoliyati va Axborot-resurs markazi bilan tanishtirildi.

Eslatib o`tamiz, mazkur oliygoh bilan O`zDJTU o`rtasida 2015-yildan buyon hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

O`zDJTU Matbuot xizmati

 

 

10 Iyul 2019
Chop etish
-->