• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O`zDJTUDA BANGLADESH ELCHISI BILAN UCHRASHUV BO`LIB O`TDI

Bugun, 6-avgust kuni O`zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Bangladeshning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan o`z vakillari bilan tashrif buyurdi.

O`zDJTU rektori G`. Raximov boshchiligidagi universitet mas’ul xodimlari bilan o`tkazilgan uchrashuvda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan:

- Bangladesh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, talaba, o`qituvchi va tadqiqotchilarning hamkorlik masalalari;

- Xalqaro reytingda yuqori o`rinda turgan Jahongir Nagor, Dakka va boshqa universitetlar bilan turli sohalarda hamkorlik aloqalarini o`rnatish bo`yicha memorandum va shartnomalar imzolash.

Elchi sentabr oyida Bangladesh iqtisodi, siyosati, tarixi va madaniyati to`g`risida O`zDJTUda taqdimot o`tkazish hamda ushbu tadbirga Bangladesh Savdo vazirini jalb qilish taklifi bilan chiqdi.

Masud Mannan, shuningdek, jurnalistika yo`nalishi bo`yicha Bangladeshning yetakchi mutaxassislarini ma’ruzalar o`qish uchun O`zDJTUga yuborishini ma’lum qildi.

G`. Rahimov Bangladesh OTMlari bilan nafaqat xorijiy, balki jurnalistika, tarjimonlik, iqtisod, madaniyat va boshqa ijtimoiy sohalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, xalqaro anjumanlar, ta’lim ko`rgazmalarini tashkil qilish uchun tegishli sharoitlar yaratilishini aytib o`tdi.

O`zDJTU rektori G`. Rahimov suhbat so`ngida Bangladesh tomonidan O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Media-laboratoriya va nashriyot tashkil qilish uchun zamonaviy texnik jihozlarni olishda amaliy ko`mak berish tashabbusini ilgari surdi.

Masud Mannan boshchiligidagi vakillarga uchrashuvdan so`ng esdalik sovg`alar taqdim etildi.

O`zDJTU Matbuot xizmati

06 Avgust 2019
Chop etish
-->