• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

Universitet rektori G‘.Raximovning yangi yil tabrigi

Aziz ustoz va talabalar! Sizlarni qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan Yаngi – 2020 yil bilan chin dildan tabriklayman.

El-yurtimiz farovonligi yo‘lidagi barcha ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Yil davomida yaxshi kayfiyat va omad sizlarni aslo tark etmasin! Oilangizdan baxtu saodat, tinchlik-xotir jamlik va fayzu baraka arimasin!

2019 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuqlar va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu o‘rinda tarix sahifalaridan joy olayotgan joriy yil universitetimiz hayotida ham muhim voqealarga boy bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishi biz kutgan natijalarni berdi. Ilmiy tadqiqotlar borasida ham ahamiyatga molik, ijobiy yutuqlarga erishildi. Quvonarlisi yangidan-yangi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlar respublikamiz jamoatchiligi e’tiborini qozondi. Ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va sport sohasida qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham o‘ziga xos salmoqqa ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni universitetimizdagi ijrosi juda katta natijalarni ko‘rsatdi. Jumladan, universitetning “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi respublikamizning 107 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari ishtirok etgan tanlovning final bosqichida faxrli o‘rinni egallab o’z tarixida yangi sahifa ochdi. Futbol jamoamiz Toshkent shaxridagi 33 tadan ortiq oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqaning final bosqichi sovrini qo‘lga kiritdi.

Universitetimizda tahsil oluvchi talaba yoshlarning yutuqlari bilan birga, Prezident, Navoiy, Islom Karimov va boshqa nomdor stipendiantlarning ko‘plab chiqqani ham olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan 2020 yilda ham universitetimiz jamoasi katta-katta rejalarni amalga oshirish, bir qator xayrli tadbirlarni o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.

Qadrli ustozlar, muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar kirib kelayotgan Yangi – 2020 yilda sizga va oila a’zolaringizga mehnat faoliyatida, o‘qishda, jamoat ishlarida hamisha baxt va omad hamroh bo‘lishini tilab qolaman!

Ilmiy, ijodiy, o‘qishdagi faoliyat va intilishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Sihat-salomatlik, shodu xurramlik, baxtu saodat barchamizga yo‘ldosh bo‘lsin!

Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, muhtaram universitetimiz jamoasi, qadrli professor-o‘qituvchilar va talabalar!

 

G‘.RAXIMOV
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori

 

31 Dekabr 2019
Chop etish
-->