Yangiliklar

2018-yil 12-noyabr kuni Webster universitetining biznes va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Jon Pyle janoblari O’zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Webster universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan Qo’shma dasturning muvaffaqiyatlari, muammo va yechimlariga qaratildi. Tomonlar Qo’shma dastur haqida gapirar ekan, kelajakda qabul kvotalarini ko’paytirish va shu qatorda bir yilda ikki marotaba: kuzgi va bahorgi semestrlar uchun talabalar qabulini muhokama qilishdi.
Suhbat davomida Jon Pyle MBA (Master of Business Administration) dasturini O’zbekistonda ochish va amalga oshirish rejasi bilan ham kelganini ma’lum qildi.
Samimiy va do’stona o’tgan suhbat so’ngida mehmon dars jarayoni bilan ham tanishib chiqdi.

2018-yil 13-noyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri O.Musurmanova tashabbusi bilan Litvaning Shyaulyay universiteti “Ijtimoiy tadqiqotlar va jismoniy tarbiya” kafedrasi professori, pedagog, defektolog va logoped Alifanovene Daiva Adolfovna ishtirokida “Рефлективные модели обучения педагогов в высщих учебных заведениях” mavzusidagi xalqaro master-klass tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Pedagogika va psixologiya kafedrasi” va boshqa kafedra professor-oʻqituvchilari, mustaqil izlanuvchilari va doktorantlar, ichki nazorat boʻlimi xodimlari, Respublika ijtimoiy moslashuv markazi xodimlari, Nizomiy nomidagi TDPU professor-oʻqituvchilari ishtirok etdilar. Tadbirda oliy taʼlimda boʻlajak pedagoglarni refleksiv model asosida oʻqitish muammolari atroflicha muhokama qilindi. Master-klass jarayonida ishtirokchilar refleksiv taʼlim modeli boʻyicha quyidagi:
· ijtimoiy muhim kasbiy va uning asosida bilish motivatsiyasini shakllantirish;
· oʻquv faoliyatining istiqbolli va aniq maqsadlarini anglash va aniqlash;
· oʻquv faoliyatini egallash natijalari sifatida umumoʻquv koʻnikma va malakalarni takomillashtirish;
· talablarni refleksiv-baholash qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha ilmiy-nazariy bilimlar egallashga muvaffaq boʻldilar.
Ushbu master-klass oʻta dolzarb pedagogik va psixologik muammoga bagʻishlangan boʻlib, tadbir soʻngida mavzu doirasida qiziqarli savol-javoblar oʻtkazildi.
Manba: www.fledu.uz
O`zDJTU Matbuot xizmati

Bugun, 14-noyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Xalqaro jurnalistika fakultetining “Amaliyot eʼtirofi – 2018” anʼanaviy anjumani boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanga turli ommaviy axborot vositalari: gazeta, jurnal, teleradiokanallar tahririyatlaridan vakillar, onlayn OAV, axborot agentliklari xodimlari tashrif buyurishdi.
Tadbirning ochilish marosimida OʻzDJTUning yoshlar bilan ishlar boʻyicha prorektori Mamadov Norpoʻlat Suyarovich, Oʻzbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi Gulnora Bobojonova, “Xalqaro jurnalistika” fakulteti dekani Amrullo Karimov soʻzga chiqdilar.
Tadbirda mahorat maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ijodiy laboratoriya tashkil etish kabi masalalar zamirida yosh jurnalistlarning chuqur ixtisoslashuvi, kasb mahoratini oshirish koʻnikmalarini shakllantirish vazifasi yotganligi taʼkidlandi. Shuningdek, dunyo axborot makonida roʻy berayotgan voqea-hodisalarga tezkor, xolis va haqqoniy munosabat bildiruvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdek masʼuliyatli vazifa fakultet professor-oʻqituvchilari bilan bir qatorda malakali amaliyotchi jurnalistlar zimmasiga yuklatilganligi ham alohida qayd etildi.
Bir necha yildan beri talabalarning jurnalistik qobiliyati va iqtidorini eʼtirof etish hamda ularni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilib kelinayotgan mazkur anjuman universitet rahbariyati, fakultet professor-oʻqituvchilarining tashabbusi bilan oʻtkaziladi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, “Amaliyot eʼtirofi – 2018” anjumaniga topshirilgan barcha jurnalistik materiallar professional jurnalist-amaliyotchilardan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan saralandi. Eng iqtidorli deb eʼtirof etilgan talabalar diplom, ramziy statuetka va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Manba: www.fledu.uz
O`zDJTU Matbuot xizmati