Tadbirlar

O‘zbekistondagi Gyote instituti, O‘zDJTU huzuridagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi Germaniya Akademik Almashuv Xizmati (DAAD)ning “Dhoch3” ta’lim dasturi hamda “O‘zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron ilmiy-metodik jurnal va Internet portali – FLEDU.UZ hamkorligida bugun, 2020-yil 27-noyabr kuni «Raqamli texnologiyalar davrida nemis tilini o‘qitish» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘z ishini boshladi.
Anjuman zamonaviy ilm-fanning eng dolzarb ilmiy mavzularini, yangi o‘quv dasturlarni hamda texnik va uslubiy ishlanmalarni aks ettirishga qaratilmoqda. Anjumanning maqsadi — ta’lim sohasi, xususan, chet tillarini o‘qitish sohasidagi innovatsion texnologiyalar, yangi o‘quv-uslubiy va texnik imkoniyatlar, zamonaviy pedagogika muammolari va dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy fikr-mulohazalar almashishdan iborat.
Anjuman ta’limning barcha bosqichlarida nemis tilini o‘qitish jarayonining eng so‘nggi tadqiqotlari, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribani joriy etish natijalarini o‘z ichiga olgan.
Tadbirni Germaniyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gunter Overfeld, O’zbekistondagi Gyote instituti direktori Jan Helfer, O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Azizov Ulug’bek Botirovich, DAAD lektori (O’zMU) Simon Kretschmerlar xalqaro onlayn anjumanni o’z kirish so’zlari bilan ochib berdilar.
Ochilish marosimidan so’ng, respublika vazirlik va boshqa muassasalar mutasaddi xodimlari, Germaniyaning xalqaro tashkilot va o‘quv markazlari vakillari, xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirokida onlayn yalpi yig‘ilishi bo’lib o’tadi.
Bugungi tadbir doirasida Ilhom teatri jamoasining “Viruslar jangi” digital interaktiv VR – spektakli namoyish etilishi kutimoqda.
Manba: fledu.uz

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 2020-yil 27-noyabr kuni «Raqamli texnologiyalar davrida nemis tilini o‘qitish» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ayni paytda konferensiya doirasida respublika vazirlik va boshqa muassasalar mutasaddi xodimlari, Germaniyaning xalqaro tashkilot va o‘quv markazlari vakillari, xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirokida onlayn yalpi yig‘ilishi bo’lib o’tmoqda.
Yalpi majlisda Myunxendagi Lyudvig-Maksimilian Universiteti professori, Germaniya Onlayn universiteti (DUO) ilmiy direktori va Hamisso xalqaro tadqiqot markazi (IFC) direktori, professor Jorg Roche “Nemis tili grammatikasi harakatda — nemis tili grammatikasini multimediali o’qitishdagi integratsiyasi” mavzusida ma’ruza qildi.
Maʼruzada kognitiv tilshunoslik asoslari, tamoyillari va xulosalariga asoslangan, kognitiv tadqiqotlarga yo‘naltirilgan, shuningdek, madaniy realiyalar va ularning medial taraqqiy etishi (masalan, animatsiya) bilan bog‘liq bo‘lgan chet tilining kognitiv didaktikasi modelining asoslari xususida fikrlar bayon etildi.
Professor Hermann Funk (Yenadagi darslik materiallarini tadqiq etish va ishlab chiqish markazi (ALM) boshqaruvchisi) “Daf – ni raqamli ravishda o’qitish — albatta mumkin, ammo …” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.
Maʼruzada nemis tilini yaxshi o‘rganishda muvaffaqiyat omillari, prinsiplari va standartlari haqida so‘z yuritilib, ushbu omillarni qanday qilib raqamli qo‘llab-quvvatlash va virtual sinflarda amalga oshirish mumkinligi o‘rganilgan. Taqdimotda raqamli, interaktiv mashqlar shakllari va teskari aloqa shakllarining namunalari keltirildi.
Klett nashriyotining Ispaniyadagi vakolatxonasi rahbari Virginia Gil “Aralashtirilgan ta’lim — ta’limni boshqarish tizimi: bu hali ham nemis darsimi?” nomli taqdimot-ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada o‘qitishning turli xil yondashuvlari haqida umumiy maʼlumot berishga va ularni amalga oshirish qayerda, qanday shaklda zarur bo‘lishi mumkinligiga misollar keltirishga qaratildi.
Masofaviy va an’anaviy ta’lim shakllarida xorijiy tillarni o’qitish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo’yicha mutaxassis, masofaviy ta’lim shakllariga asoslangan o’quv va malaka oshirish kurslari yaratuvchisi Yelena Bondarenko “O’qituvchining professionalligi malaka oshirishning maqsadi sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida zamonaviy dasturlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, O‘qituvchilarning raqamli fikrlashlarini rag‘batlantirish uchun o‘quv kursini qanday tuzish mumkin kabi masalalar muhokamasiga bag’ishlandi.
Hueber nashriyoti erkin mutaxassisi (ham milliy, ham xalqaro darajada) Gunda Heck “Masofaviy ta’limning o’ziga xos jihatlari” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Yalpi majlis maʼruzasida onlayn darslarning ayrim xilma-xilliklari va darslarni rejalashtirishning tegishli xususiyatlari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, maʼruzada boshlang‘ich bosqich uchun mo‘ljallangan yangi darslik “Momenti”, onlayn darsning variantlarini amalga oshirish imkoniyatlari va buning uchun raqamli darslikda qanday vositalari mavjudligi haqida fikr yuritildi.
Moskvadagi Gyote-Institutda nemis tili o’qitilishini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni muvofiqlashtirish bo’yicha mutaxassis Konstantin Scharanow “CLIL va bolalar onlayn universiteti” mavzusida taqdimot-ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Maʼruzada raqamli materiallar bilan individual ishlash imkoniyatlari va undan nemis darslarida hamda darsdan keyin foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bugungi tadbir doirasida Ilhom teatri jamoasining “Viruslar jangi” digital interaktiv VR – spektakli namoyish etilishi kutimoqda.

1-sho’ba “OLIY TAʼLIM TIZIMIDA DLL – DASTURI: AMALIYOTDA QO‘LLASH, NATIJA VA MUAMMOLAR”
Ma’ruzachilar: Dr. Tatjana Egorowa“DLL universitetlarining hamkorlik modellari (Moskvadagi Gyote instituti va Rossiyaning hamkor universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik misolida)”
M. Majidova, N. Tyan “DLL dasturini O’zbekistonda tatbiq qilinishi: UzDJTU – joriy etish natijalari”
A. Aktyamov, N. Kodirova ”DLL – zamonaviy ta’lim dasturidan O’zbekistondagi OTM larda foydalanish: UrDU va FarDU”
2-sho’ba: UZLUKSIZ TAʼLIM (MAKTABGACHA TAʼLIM, UMUMIY O‘RTA TAʼLIM, OLIY VA O‘RTA MAXSUS TAʼLIM) TIZIMIDA ZAMONAVIY DASTURLAR VA RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR (SMART-DASTURLAR, RAQAMLI ILOVALAR, YANGI TAʼLIM YO‘NALISHLARI: MINT, CLIL V.B.)
Ma’ruzachilar: Dr. Florian Hiller “Maxsus mavzularni ishlab chiqish: Nemis tilida (chet tili sifatida) tushuntirish videoroliklarini yaratish”
Jennifer M. Swanda “Nemis tili darsi uchun zamonaviy o‘quv dasturlari va raqamli texnologiyalar: onlayn o‘quv materiallari”
Dr. Dilbar Tadjibaeva “Bolalar onlayn-universiteti: Nemis tili va MINT fanlari Digitale Kinderuniversität: Deutsch und MINT – Fächer ( GI Usbekistan )”
3-Sho’ba: NEMIS TILI BO‘YICHA PEDAGOG KADRLARNI QAYTA TAYYORLASH VA MALAKASINI OSHIRISH TIZIMIDA ZAMONAVIY DASTURLAR VA RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR
Ma’ruzachilar: Yelena Bondarenoko “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida zamonaviy dasturlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish”
Yusupova Dilfuza “O’qituvchilar malakasini oshirish uchun raqamli ommaviy axborot vositalariga qo’yiladigan talablar: muammolar va mumkin bo’lgan yechimlar”
Makhprat Abdullaeva “O’zbekistonda maktab o’qituvchilari uchun masofaviy qayta tayyorlash”
Anton Umbach “Nemis tili onlayn-darslari uchun o‘rganish ilovalar”
4-Sho’ba “NEMIS TILI BO‘YICHA MULTIMEDIYAVIY O‘QUV MATERIALLARI VA ONLAYN RESURSLARNI YARATISH VA TAʼLIM JARAYONIGA TATBIQ ETISH”
Ma’ruzachilar: Prof. Dr. Jorg Roche “Nemis tili grammatikasi harakatda – nemis tili grammatikasini multimediali o‘qitishdagi integratsiyasi”
Dr. Gunther Weimann, Martina Bartucz “Das Leben” – o‘quv amaliyotida yangi darslik: samarali amaliyot, qo‘llash va chuqur o‘rganish
Kenjakhon Istamova “O’zbekistondagi maktab darsliklari uchun multimedia resurslari”
5-Sho’ba: “NEMIS TILINI ONLAYN-MASOFAVIY O‘QITISHNING MUAMMOLARI”
Ma’ruzachilar: Gunda Heck “Masofaviy ta’limning o’ziga xos jihatlari”
Annette Leukhart – Akkaya “Onlayn DaF taʼlimi: doimiy uchraydigan muammolar va yechimlar”
Shahnoza Astanova “DaF online unterrichten beim Geothe Institut Usbekistan”
Sho’balar yakunida Germaniyaning Cornelsen, Ernst Klett, Hueber nashriyotlari VIRTUAL KO’RGAZMAlari hamda Julia Hülsmann va Ensemble Omnibusning ONLAYN KONSERT dasturi bo’lib o’tishi rejalashtirilgan.
Manba: fledu.uz

Ўзбекистон Республикаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирининг 2020 йил 25 майдаги 297-сонли буйруғи“Хотин-қизлар ва эркаклар учун тенг ҳуқуқ ҳамда имкониятларни таъминлаш масалалари бўйича Маслаҳат кенгаши” томонидан инглиз тили қуйи курслар ва халқаро журналистика факультетида 2020 йил 4 декабрь куни инглиз тили қуйи курслар (50 нафар) ва 10 декабрь куни халқаро журналистика факультетларида (50 нафар) талаба-қизлар, Учтепа туман ҳокими ўринбосари Д.Эгамова, Учтепа туман психологи Н.Исмоилова, Учтепа туман ИИБ хотин-қизлар билан ишлаш бўйича катта инспектор Г.Ходжаева, ЎзДЖТУ хотин-қизлар масалалари бўйича кенгаш раиси Н.Джураева, ЎзДЖТУ қуйи курслар факультети хотин-қизлар масалалари бўйича кенгаш раиси Ҳ.Нишанова, профессор-ўқитувчилар иштирокида тадбир ташкил этилди.
Тадбирни ЎзДЖТУ хотин-қизлар масалалари бўйича кенгаш раиси Н.Джураева кириш сўзи билан очиб бериб, Ўзбекистон Республикаси Гендер тенгликни таъминлаш масалалари бўйича комиссияси ҳамда халқаро ташкилотларнинг Ўзбекистондаги ваколатхоналар билан ҳамкорликдаги Иш-режага биноан 2020 йил 25 ноябрь-10 декабрь кунлари "Зўравонликка қарши 16 кун" компанияси ташкил этилганлиги ҳамда мазкур компания доирасида барча таълим муассасаларида талабалар учун "Хотин-қизларни тазийқ ва зўравонликдан ҳимоя қилиш тарафдоримиз" мавзусида давра суҳбатлари ташкил этиш белгиланганлиги ҳақида маълумот берди. Хотин-қизлар манфаатларини, ҳуқуқ ва эркинликларини таъминлаш давлат сиёсатининг муҳим устувор йўналишларидан бири эканлигини таъкидлади. Шунингдек, қизлар тарбияси, оиладаги соғлом маънавий муҳитни таъминлашда аёл маънавиятининг ўрни ҳақида ўз фикр-мулоҳазалирини билдирди. Сўнгра, Учтепа туман ИИБ хотин-қизлар билан ишлаш бўйича катта инспектор Г.Ходжаева "Хотин-қизларга кўрсатиладиган тазйиқ ва зўравонлик ҳолатлари ва улардан ҳимояланиш" мавзусида маъруза қилиб, хотин-қизларни тазйиқ ва зўравонликдан ҳимоя қилиш борасида олиб борилаётган давлат сиёсати ҳамда ҳимоя ордери ҳақида кенг қамровли маълумот берди.
Учтепа туман ҳокими ўринбосари Д.Эгамова гендер тенглик тушунчаси ва 2019 йил 2 сентябрда қабул қилинган Ўзбекистон Республикасининг “Хотин-қизлар ва эркаклар учун тенг ҳуқуқ ҳамда имкониятлар кафолатлари тўғрисида”ги ЎРҚ-562 сонли қонуни мазмун-моҳияти ҳақида маълумот берди.
Учтепа туман психологи Н.Исмоилова "Хотин-қизлар ва эркакларнинг оила ва жамиятдаги ижтимоий ўрни" мавзусида ҳақида гапириб, психологик тренинглар ташкил этди.
14 декабрь куни инглиз тили 1-факультетида Тошкент вилояти Зангиота тумани ИИВ хотин-қизлар масалалари бўйича катта инспектори, майор Г.Х.Тиллаева иштирокида 50 нафар талаба-ёшлар билан давра суҳбати ташкил этилди. Суҳбатда Учтепа туман ИИБ хотин-қизлар билан ишлаш бўйича катта инспектор Г.Ходжаева "Хотин-қизларга кўрсатиладиган тазйиқ ва зўравонлик ҳолатлари ва улардан ҳимояланиш" мавзусида маъруза қилиб, хотин-қизларни тазйиқ ва зўравонликдан ҳимоя қилиш борасида олиб борилаётган давлат сиёсати ҳақида кенг қамровли маълумотлар берди.