• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O‘zDJTUga Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Taʼlim bo‘yicha mintaqaviy aloqalar attashesi Serj BELLINI tashrif buyurdi

O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakultetiga Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Taʼlim bo‘yicha mintaqaviy aloqalar attashesi Serj BELLINI tashrif buyurdi

 

 Frantsiya-O‘zbekiston aloqalari o‘rnatilganiga keyingi yilda 30 yil to‘lishi arafasida respublikada turli tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Taʼlim sohasidagi aloqalar, ayniqsa, respublika Prezidentining Frantsiyaga tashrifidan keyin ancha rivojlanib bormoqda. Ushbu tadbirlar davomi sifatida 2021 yil 19 noyabr kuni O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakultetiga Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Taʼlim bo‘yicha mintaqaviy aloqalar attashesi Serj BELLINI janoblari hamda elchixonaning madaniy aloqalarga ko‘maklashish bo‘limi xodimi Ulugʼbek Mansurovlar tashrif buyurdilar. Tashrif davomida yuqori martabali mehmon universitetda frantsuz tilining o‘qitilishi, o‘qituvchilar va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Frantsuz tili amaliy fanlar hamda frantsuz tili nazariy fanlar kafedralari professor-o‘qituvchilari bilan suhbat uyushtirildi va o‘qituvchilar o‘z tajribalaridan kelib chiqib attashe janoblariga respublikada frantsuz tilini o‘qitish va o‘rganishni yanada rivojlantirish uchun o‘z takliflarini berishdi. 

 Mehmonlarni frantsuz tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri Z. Davronova va katta o‘qituvchi Gʼayrat Masharibovlar kutib olishdi. Serj BELLINI universitetda frantsuz tilining bunchalik keng miqyosda o‘rganilishi va o‘qituvchi talabalarning bu tilga ishtiyoqlari balandligini ko‘rishdan juda mamnun ekanligini bildirdi. 

 Davra suhbatining asosiy qismida quyidagi takliflar muhokama qilindi:

• O‘zDJTUda frantsuz tili taʼlimini yanada ommalashtirish va zamonaviylashtirish;

• o‘quv dasturlari qatoriga zamon talabidan kelib chiqqan holda yangi fanlar va modullarni kiritish;

• magistratura bosqichida Lingvistika (frantsuz tili) mutaxassisligidan tashqari Frantsuz til chet tili sifatida, Frantsuz adabiyoti, Sohalar bo‘yicha tarjimashunoslik kabi yangi mutaxassiliklarni joriy etish;

• Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda zamonaviy darsliklarni olib kelish va zarur bo‘lsa O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan frantsuz tili bo‘yicha darsliklarni frantsiyalik mutaxassislar bilan birgalikda yaratish va chop etish;

• Frantsiya universitetlari bilan keng qamrovli aloqalarni o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish.

 

Аttashe Serj BELLINI fakultet jamoasi bilan muloqot qilar ekan, doimo hamkorlikka tayyor ekanligi va frantsuz tilining o‘qitilishini yanada rivojlantirishga birdek masʼul ekanligini bir necha bor taʼkidlab o‘tdi. Bundan tashqari kafedralar o‘qituvchilari shu yilning 25 noyabrida O‘zMUda respublika miqyosida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Butun dunyo frantsuz tili o‘qituvchilari kuniga, hamda, dekabr oyida kutilayotgan frantsuz tilini o‘qitish sohasidagi mashhur olim, Yangi Sorbonna 3 universiteti faxriy professori Jan Klod Beakko janoblarining O‘zbekistonga tashrifi va olim bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan ilmiy seminarga taklif qilindi. 

Uchrashuv yuqori saviyada o‘tdi va mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovgʼalari taqdim etildi.

 

 

Frantsuz tili amaliy fanlar

kafedrasi mudiri Z.Davronova

20 Noyabr 2021
Chop etish
-->