Barchamiz intiqlik bilan kutib, katta shodiyona ila nishonlaydigan sevimli ayyomimiz — Navro‘z bayrami xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari, an'analarini o‘zida mujassam etgan bayramdir. Beg‘ubor orzu-umidlarimiz va istaklarimizni, his-tuyg‘ularimizni tarannum etadigan ushbu ayyomni munosib tarzda nishonlash allaqachon an'anaga aylangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining barcha fakultetlarida ham bahor bayrami bo‘lmish Navro‘z keng nishonlandi.
Universitet rahbaryati barcha fakultetlarga tashrif buyurdi. Tadbirlarni rektor vazifasini bajaruvchi Bahrom Kulmatov kirish so‘zi bilan ochib berib, yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan yig‘ilganlarni samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirib o‘tdi.
Universitetning barcha fakultetlarida bayram tadbiri doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talaba-yoshlar tomonidan dasturxon yozilib, xalqimizning eng sevimli milliy taomlar va noz-ne'matlar tortildi. Mehmonlar ko‘rgazmadagi taomlarni ko‘zdan kechirib, ularni tatib ko‘rib, baho berish imkoniga ega bo‘lishdi.
Joylarda bayramni birgalikda, ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash uchun minglab talabalar, universitet professor o‘qituvchilari hamda tyutorlar tomonidan tayyorlangan mazali sumalak, bahor taomlari, mehmonlarning dilini yayratgan quvnoq kuy-qo‘shiqlar, raqslar Navro‘z bayrami yanada quvonchli o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Milliy bayramimiz mana shu tarzda katta shodiyona bilan nishonlandi. Tadbir davomida fakultetlarda bayram shukuhi kezib yurdi. Barchaga birdek ko‘tarinki bayram kayfiyati ulashildi.