Joriy yilning 20 may kuni bir guruh universitetimiz talabalari birgalikda 199-imkoniyati cheklangan bolalar maktabiga tashrif buyurishdi.
"Maqsadimiz bolalarga ozgina bo’lsada mehr ulashish edi. Buning uchun biz talabalar yetarlicha mablagʻ to’pladik va ular uchun bayram sahnalari, raqslar, qiziqarli o’yinlar sahnalashtirdik. Biz maktabga kirib borarkanmiz, u yerdagi bolalarning ko’zlari bizni ko’rib quvonchdan porlab ketdi. Haqiqatda bu ko’zi charos bolalarda nogironlik belgilari yaqqol ko’zga tashlanib turardi. Lekin, ularning atrofimozda "opajon", "akajon" deb girdikapalak boʻlishlari, bizning ham yuragimizni sel qilib yubordi. Albatta biz ular uchun eng tansiq taomlardan osh tayorladik, taomimiz tayor bo’lguncha, biz ularga o’z chiqishlarimizni namoyish etdik. Ular uchun tayorlangan shartlarimizga bolajonlarimiz ham juda faol qatnashishdi. Shubhasiz ularda san’atga bo’lgan qiziqish, ya’ni iste’dod yaqqol ko’zga ko’rinib turardi. Shartlarda qatnashgan bolajonlarga biz o’z sovg’alarimizni ulashdik. Bayram oxirida biz ular uchun bir qancha kitoblar sovg’a qildik, hammamiz mazza qilib raqsga tushdik, esdalik uchun rasmlar oldik va birgalikda mazali oshni tanovul qildik va yana maktab hovlisida ular bilan ajoyib ashulalarni hirgoyi qildik, o’yinlar o’ynadik. Shunday qilib bayram zo’r bo’ldi, ular ham bizlar ham xursand bo’ldik. Biz bulardan zavqlangan holda, yana shunday xayrli ishlarni qilishda davom etishni niyat qildik".
"Aslida biz ularning ko’nglini ko’tarish, mehr ulashishni maqsad qilib olgandik, lekin ulardagi ko’tarinki ruhiyat, yuzlaridagi iliq tabassumni ko’rib hayron qoldik. Ular barcha sog’lom odam his etaolmaydigan qalb pokligi va hayotdan minnatdorlik tuyg’usini his qilib yashayotgani, biz talabalarni ulardan o’rnak olishga undadi. Aksincha biz ulardan pozitiv energiya oldik desam mubolag’a bo’lmaydi. Bularning barchasi uchun, ya’ni biz erkatoy talabalarni shu yo’lda birlashtirib, bizga shunday ajoyib g’oya bergan va shu savobli ishni amalga oshirishimizga turtki bo’lgan, mehribon va qattiqqo’l ustozimiz Maqsudova Nilufar opaga o’z minatdorchiligimizni bildiramiz!"
Xorijiy til va adabiyoti 1 - fakulteti talabasi
Isanova Gulmira