Bugun, 9-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Xorijiy tillarni o‘qitishda baholash: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada AQShning O’zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum, O’zDJTU rektori Azizov Ulug’bek Botirovich, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov, O’zDJTU qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi direktori Rivojiddin Karimov kirish nutqi bilan ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida AQShning O’zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum janoblari so’zga chiqib, o’z kirish nutqida: “O’QITUVCHI SHARAFLI KASB!”, — deya alohida ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, u o’z nutqida “Ingliz tili yoshlar uchun butun dunyoni ochib beradi”, — deb ingliz tilining bugungi kundagi ahamiyatini aytib o’tdi.
Konferensiyada respublikamizning 12 viloyatidan oliy, o‘rta maxsus va xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 100dan ortiq malakali chet tili o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, shuningdek, AQSh elchixonasining ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Joan Kramb, AQShlik 20dan ortiq ingliz tili mutaxassislari, Gyote instituti va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy universitetlar vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiya 2021-yil 9-10 aprel kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zDJTU, Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilmoqda.