• Ishonch telefoni: +998 71 230-12-91

O‘Z USTIDA ISHLASH – MUVAFFAQIYATLI TAJRIBA GAROVI

O‘Z USTIDA ISHLASH – MUVAFFAQIYATLI TAJRIBA GAROVI

 

Ozbekiston davlat jahon tillari universiteti “Doktorantlar uyushmasi”da 2021-yil 27-sentyabrdan 04-oktyabrga qadar, an’anaga muvofiq, har 3 oyda yo‘lga qo‘yilgan doktorantlarning navbatdagi hisobot-taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Boqiyeva Gulandom Hisomovna tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur taqdimot bu gal ham o‘zgacha tusda mazmunga boy bo‘ldi.

Hisobot-taqdimotini, odatdagidek, ilm rahnamosi professor G.H. Boqiyeva o‘z iliq so‘zlari bilan tadqiqotchi-doktorantlarga omad tilab, kelgusi ishlarga ruhlantirgan holda ochib berdilar. Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) G.Q. Ergasheva hamda uyushma raisi 1-bosqich (DSc) doktoranti K.Sh. Muradkasimova boshchiliklarida bir hafta davom etgan taqdimotda 34 ta (PhD) tayanch doktorant, 2 ta mustaqil izlanuvchi va 2 ta (DSc) doktorantning hisobot-taqdimoti savol-javob, bahs-munozaralar asosida qizg‘in muhokama qilindi. Unda aksariyat ilmiy rahbarlar ham ishtirok etib, taqdimotchilarga qimmatli yo‘llanma, maslahatlar berib borishdi. Bu gal taqdimotchi sifatida ishtirok etgan mustaqil izlanuvchilar ham mazkur tajriba maktabi amaliyotidan kerakli xulosalar chiqarishdi. Ma’lumki, hisobot-taqdimotidan ko‘zlangan asosiy maqsad: tadqiqotchilarni turli seminar va himoya jarayonlariga ruhan tayyorlab, ilm minbari mas’uliyati, amalga oshirilgan ilmiy yangiliklarni asoslash ko‘nikmasini shakllantirish borasida faol bo‘lishlari uchun bir tajribadir. Har bir taqdimot so‘ngida qiziqarli tus olgan savol-javob va takliflar berishdagi faollik borasida tayanch doktorantlar bir-birlaridan qolishmay, o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Olimlar, ziyolilar bir-birini mana shunday qo‘llab, ruhan madad berib turishi natijasida O‘zbekiston dunyo miqyosidagi munosib o‘rnini egallashi tabiiy. Zero, yurt taraqqiyoti beixtiyor ziyolilar, ustozlar amaliyotiga bog‘liq. M. Barres ta’kidlaganidek: “Har bir odamga muayyan bir faoliyat turi hamroh bo‘ladi, bu faoliyat uni jamiyat uchun foydali kishiga aylantiradi va ayni paytda unga baxt keltiradi”. Shunday ekan, ilm faqatgina o‘z sohibini emas, balki u yashayotgan davr, xalq, Vatanni ham saodat sari yetaklashi shubhasiz.

 

2-bosqich tayanch doktoranti

Dedaxanova Muazzam

07 Oktyabr 2021
Chop etish
-->