11-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Yaponya–O‘zbekiston Ipak yo‘li jamg‘armasi (Japan-Uzbekistan Silk Road Foundation) vakillari tashrif buyurdi.

Tadbirda jamg‘arma huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha ishchi guruh raisi Minagava Yoshitsugu, Xigashikava shahri meri Kikuchi Shin, “Higashikava Promotion Corporation” kompaniyasi prezidenti Takabe Shudzi, “Will Smart Co. Ltd.” kompaniyasi maslahatchisi Tabata Hiroshi, Tamagawa universiteti Turizm va mehmondo‘stlik kolleji professori, Yaponiyaning sobiq Turizm agentligi vakili Maishigi Shozo, “Trust Engineering Partners Co. Ltd.” rahbari Sato Masashi, “Will Smart Co. Ltd.” vakili Ishi Yasuxiro hamda jamg‘armaning ijrochi direktori Baxriddinov Mansurbek ishtirok etdilar.

 

 

O‘zDJTU tomonidan rektor I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Juraev hamda Yapon tili kafedrasi mudiri N. Xamidova uchrashuvda qatnashdilar.

Rektor I. Tuxtasinov Yaponiya bilan ta’lim va fan sohalaridagi munosabatlar tez sur’atlarda rivojlanib borayotganini, muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasiga berilayotgan katta e’tibor haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u O‘zDJTU faoliyati, yapon tilining o‘qitilishi, Yaponiya oliygohlari bilan amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik, Yaponiya elchixonasi va JICA tashkilotining ko‘magi haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, 27-sentyabr – 4-oktabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirilgan xizmat safari davomida olingan taassurotlar, Meiji universiteti va Tokiyo chet tillar kolleji bilan o‘rnatilgan aloqalar haqida ham so‘z yuritdi.

Muloqot davomida Yaponiyaning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yapon tili o‘qituvchilari va talabalariga grantlar ajratish, O‘zDJTU o‘qituvchilari uchun Yaponiyada malaka oshirish kurslarini tashkil etish, yapon talabalarini yozgi maktablar hamda o‘quv dasturlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zDJTUda yapon tili va madaniyatini o‘qitish borasidagi ishlar delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvdan so‘ng ular Sharq filologiyasi fakultetiga tashrif buyurib, o‘quv jarayoni, ta’lim infratuzilmasi va yapon tili ta’limi tizimi bilan yaqindan tanishdilar hamda yapon tili o‘qituvchilari va talabalari bilan muloqot qildilar.

 

 

Ma’lumot uchun: Yaponya–O‘zbekiston Ipak yo‘li jamg‘armasi (Japan–Uzbekistan Silk Road Foundation) — Yaponiyada faoliyat yurituvchi nodavlat, notijorat tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi Yaponya va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy, madaniy, ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdir.

Jamg‘arma quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
 1. Biznes va investitsiya aloqalarini rivojlantirish:
– “Silk Road Business Seminar” kabi forum va konferensiyalar tashkil etadi;
– Yaponiyalik va o‘zbekistonlik tadbirkorlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi biznes platformalar yaratadi.
 2. IT va autsorsingni qo‘llab-quvvatlash:
– “IT Park Uzbekistan” bilan hamkorlik memorandumi imzolangan;
– O‘zbekiston IT kompaniyalarini Yaponiyaning raqamli bozoriga olib chiqish yo‘lida amaliy yordam ko‘rsatadi.
 3. Madaniyat va ta’lim sohasida hamkorlik:
– Madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar, konsertlar, talaba almashinuvi va o‘qituvchilar malaka oshirishi dasturlarini yo‘lga qo‘yadi;
– O‘zbek madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar va konsertlarni Yaponiyada muntazam o‘tkazadi.
 4. Sog‘liqni saqlash va turizm yo‘nalishida:
– Tibbiyot va telemeditsina loyihalari bo‘yicha hamkorlik qiladi;

 5. Aqlli qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar:
– 2024-yil 24-iyunda Toshkentda o‘tkazilgan “Agro and Food Industry Forum” doirasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama etilgan.

Jamg‘arma tarkibida 90 dan ortiq yirik yapon kompaniyalari, o‘rta va kichik biznes sub’yektlari hamda ta’lim muassasalari ishtirok etadi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube