Amaliyot – faqat tajriba emas, balki ishga yoʻllanma!
Oʻquv va ishga joylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish, bitiruvchilarni maqsadli kasbiy yoʻnaltirish hamda taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida 32 nafar bitiruvchi talabalar oʻz ixtisosliklari boʻyicha muddatidan oldin ish bilan taʼminlandi.
14-iyun kuni OʻzDJTUning Xalqaro jurnalistika fakultetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–61-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida oʻz ixtisosliklari boʻyicha dastlabki va uch tomonlama shartnoma tuzib kelgan talabalar bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Mazkur dastur davomida hamkor tashkilot va universitet bilan tuziladigan shartnomalarning huquqiy va amaliy jihatlari, shuningdek, tanlovda qatnashish tartibi, talab va mezonlari yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.
Maʼlumot uchun: “Talabalarni kasbga tayyorlash va kasbiy amaliyotini tashkil etish” yoʻnalishida ochiq tanlovda ishtirok etib gʻolib boʻlgan bitiruvchi bosqich talabalari kasbiy amaliyot davri davomida bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantiriladi.