Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida tahsil olayotgan izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringini tashkil etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan 6 oktabr kuni OʻzDJTUda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi. Universitet rektori Ilhomjon Tuxtasinov majlisni ochib berar ekan, muassasa ilmiy salohiyat koʻrsatkichining qisqa muddat ichida sezilarli darajada yaʼni 19,7% dan 30.2% ga oʻsganini taʼkidlab oʻtdi.
Majlisda komissiya rahbari, vazirlikning Ilm-fan va taʼlim integratsiyasi boshqarmasi boshligʻi, Qodirova Fazilat Shukurovna soʻzga chiqib, OʻzDJTUda yoʻlga qoʻyilgan ilmiy samaradorlikka yoʻnaltirilgan ishlar sifatini ijobiy baholadi. Shuningdek, vazirlik tomonidan tashkil etilgan loyiha va tanlovlar, ilmiy samaradorlik xususidagi statistik maʼlumotlar bilan tanishtirdi hamda tadqiqotchilarni tanlov va loyihalarda faol ishtirok etishga, xalqaro darajadagi ilmiy nashrlarda nashr koʻrsatkichlarini oshirishga undadi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, tadqiqotchilar 30-noyabr sanasigacha “Boʻlajak olim” va “Akademik harakatchanlik” kabi yirik tanlovga hujjat topshirishlari mumkin boʻladi.