Uchrashuvda Xitoy milliy madaniyat markazi direktori Yan Yaoyun, markaz direktorining Pedagogika boʻyicha oʻrinbosari Chjan Linlin, Madaniyat boʻyicha oʻrinbosari Chjan Yuey, Oʻquv-uslubiy boʻlimi direktor yordamchisi Fen Lichjuan hamda OʻzDJTU rektori Ilxomjon Madaminovich, Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor A.Nasirov, Sharqshunoslik fakulteti dekani D.Djurayev, Xitoy tili kafedrasi mudiri Sh.Xakimova ishtirok etdi. 

Mehmonlar universitet asosiy binosida kutib olinganidan soʻng, har ikkala tomon oʻz muassasasi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Dastur davomida Xitoy OTMlarida xitoy tilini oʻrganayotgan OʻzDJTU talabalariga kengroq imkoniyatlar yaratish, ular amaliyotini yoʻlga qoʻyish, yozgi talabalar lagerlarida ishtirok etishlarida koʻmak berish, ular uchun ta’lim sohasida grantlar ajratish, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni birgalikda tashkil etish, XXR fuqarolariga OʻzDJTUda turli yoʻnalishlar boʻyicha ta’lim olishni taklif etish, XXRda oʻqishni xohlaganlar uchun Oʻzbekiston bazasida xitoy tili boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish va tegishli darajadagi HSK sertifikatini berish orqali oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullanishga imkon yaratish boʻyicha fikr almashildi. 

Shuningdek, Xitoy tili milliy markazi tomonidan tegishli oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, darsliklar, lugʻatlar, boshqa materiallar, liboslar va musiqa asboblarini ajratish hamda hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yakunda tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishuvlarga asoslanib, hamkorlik memorandumi imzolandi. 

2024-08-03 10-59

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi