O‘zDJTU talabalari “TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2025-yil 20–21-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ham faol ishtirok etmoqda.
Tadbir “Kelajakka qadam” dasturi va “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Oʻzmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan.
Mazkur ko‘rgazma mamlakatimizdagi 300 ga yaqin yirik ish beruvchi korxonalar va tijorat banklari, shuningdek, 20 mingdan ortiq talaba-yoshlarni bir joyda jamlaydi.
Ko‘rgazma bitiruvchi talabalar uchun real ish imkoniyatlari, kasb tanlash va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishini belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida:
• “Talaba – kelajak” formatida ish beruvchilar bilan ochiq muloqot;
• Seminar va treninglar;
• Startap loyihalar taqdimoti;
• OTMlar bilan tanishuv;
• Imtiyozli kreditlar bo‘yicha ma’lumotlar;
• Madaniy shou va musiqiy kechalar tashkil etilgan.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan O‘zDJTU talabalari ushbu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z kasbiy yo‘nalishlarini belgilash, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish hamda o‘z loyihalari bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.