O‘zDJTUda Hindistonlik talabalarning amaliyot dasturi boshlandi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Hindistonning Banasthali Universiteti o‘rtasida imzolangan akademik hamkorlik shartnomasiga asosan, 2025-yil 12-maydan 25-mayga qadar Banasthali Universitetining 3-bosqichda tahsil olayotgan 6 nafar talabasi O‘zDJTUda amaliyot o‘tashmoqda.

 

 

Tashrifning ilk kunida mehmon talabalar bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon To‘xtasinov uchrashdi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda rektor mehmonlarni qutlab, ularning ushbu qisqa muddatli dastur davomida nafaqat tarjimonlik bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishishlari muhimligini ta’kidladi.

Mazkur dastur doirasida universitetga quyidagi talabalar tashrif buyurdi:
 1. Malan Bhavna
 2. Kashish Kushwaha
 3. Kapoor Ria
 4. Garg Kashish
 5. Sharma Vedanshi
 6. Shekhawat Tanya Singh

 

 

Ularning 2 nafari 10-may kuni, qolgan 4 nafari esa 12-may kuni O‘zbekistonga yetib kelib, universitet yotoqxonasiga joylashtirildi. Talabalar Tarjimonlik fakulteti Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasiga biriktirilib, ular uchun maxsus mashg‘ulotlar dasturi ishlab chiqildi, mas’ul ustozlar tayinlandi.

Shuningdek, mehmon talabalar Toshkent shahrining tarixiy va madaniy obidalari bilan tanishtirildi. 18-may, yakshanba kuni esa ular uchun qadimiy va betakror Samarkand shahriga bir kunlik sayohat uyushtiriladi.

Mazkur akademik almashinuv doirasida 2025-yil mart oyida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 6 nafar talabasi hamda Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi mudiri va fransuz tili o‘qituvchisi Banasthali Universitetiga tashrif buyurgan edi.

Akademik almashinuv dasturi ikki universitet o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga, talabalar malakasini oshirishga hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube