O‘zDJTUda “Yosh olimlar” to‘garagi doirasida tanlov g‘oliblari taqdirlandi
2026-yil 7-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ilmga qiziquvchi yoshlar uchun muhim tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilafro‘z Eshonqulova tashabbusi bilan “Yosh olimlar” to‘garagi doirasida o‘tkazildi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra “Eng yaxshi maqola” hamda “Eng yaxshi yozilgan insho” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va munosib taqdirlandi. G‘oliblarga 100 ta kitob jamlanmasi hamda maxsus sertifikatlar topshirildi.
Mukofotlarni D. Eshonqulova o‘z shogirdi — Kechki ta’lim, Xorijiy til va ingliz tili filologiyasi yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Abrorxon Temurov bilan birgalikda tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir doirasida motivatsion uchrashuv ham tashkil etildi. Unda “Yosh kitobxon” respublika tanlovi g‘olibi, BYD avtomobili sohibasi O‘g‘uljeren Xaldurdiyeva ishtirok etib, talabalarga ilm yo‘lidagi mashaqqatlarni yengib o‘tish va muvaffaqiyatga erishish borasida o‘z tajribasi hamda motivatsion tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, D. Eshonqulova tomonidan yuritilayotgan “ILM YULDUZLARI” Telegram kanali orqali talabalar ilmiy maqolalarni IMRAD xalqaro standarti asosida yozish, tezislar va ilmiy ishlarni to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab kelmoqda.
Mazkur tadbir yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularni izlanishga undash hamda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.