Xitoyda “Ipak Yo‘li” Xalqaro konferensiyasida O‘zDJTU vakillari ishtirok etdi
2025-yil 22-may kuni Xitoyning Shanxi provinsiyasi hukumati tomonidan tashkil etilgan “Ishlab chiqarish, ta'lim, tadqiqot va amaliyot kooperatsiyasi va integratsiyasi mavzusida”gi Ipak Yo‘li xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda Xitoyning nufuzli universitetlari, shuningdek, Fransiya, Dominikan Respublikasi, Braziliya, Aljir, Rossiya, Italiya, Hindiston, Malayziya, Mongoliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston kabi 15 dan ortiq mamlakatlarning 300 ga yaqin vakillari, jumladan, Xi’an Politexnika universiteti (XPU) tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari – Xalqaro ishlar bo‘yicha prorektor A.Nasirov, Amaliyot bo‘limi boshlig‘I T.Ismailov va kafedra mudiri N.Xamidova ham qatnashdi.
Konferensiyaning maqsadlari:
Akademik hamkorlikni kuchaytirish: XPU va xorijiy universitetlar o‘rtasida qo‘shma dasturlar, tadqiqotlar va talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
Innovatsiyalarni rag‘batlantirish: Raqamli ishlab chiqarish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi yangiliklar bilan dunyoni tanishtirish.
Madaniy va tarixiy dialog: Tarixiy Ipak Yo‘li ruhida madaniyatlararo tushuncha va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash.
Anjuman davomida “Texnologik yangiliklar: Sun’iy intellekt, smart-sanoat va ekologik texnologiyalarni qo‘llash”, “Qo‘shma loyihalar: XPU va xorijiy hamkorlar o‘rtasida ta’lim, tadqiqot va iqtisodiy sohalarda shartnomalar imzolash”, Madaniy almashinuv: Ipak Yo‘li bo‘ylab mamlakatlar madaniy merosini saqlash va global miqyosda tanitish” borasida muhokamalar oʻtkazildi.
Shuningdek, dastur davomida OʻzDJTU Xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori A. Nasirov Xi’an Xalqaro tillar universiteti va Xi’an Peihua universiteti vitse-prezidentlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuv va qoʻshma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
2025-yilgi “Ipak Yo‘li” xalqaro konferensiyasi an’ana va zamonaviylikni uyg‘unlashtirib, global hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Tadbir texnologik innovatsiyalar, barqaror taraqqiyot va madaniyatlararo muloqot orqali kelajakdagi qo‘shma tashabbuslar uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Tadbirga mezbonlik qilgan Xi’an shahri tarixiy Ipak Yo‘lining sharqiy boshlang‘ich nuqtasi sifatida uning madaniy va iqtisodiy ahamiyatini yangi davr kontekstida aks ettirdi.