Toshkent shahridagi Cho‘ponota qabristonida 25-may kuni obodonlashtirish hashar tadbiri tashkil etildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi ushbu qabriston hududida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tyutorlari hamda talaba yigitlar faol ishtirok etdilar.
Hashar davomida qabriston hududi tozalanib, qabrlar atrofi tartibga keltirildi, chiqindilar yig‘ishtirildi hamda umumiy sanitariya holati yaxshilandi. Shuningdek, oqar suv yo‘llari ochilib, daraxtlarga ishlov berildi, devorlar va kirish qismlari oqlanib, hudud yanada ozoda va obod holatga keltirildi.
Tadbir davomida mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, ajdodlar xotirasini e’zozlash, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash hamda mahalla hamjihatligini mustahkamlashga qaratilgan ezgu qadriyatlar yana bir bor namoyon etildi. Nuroniylar tomonidan yoshlarga bu borada samimiy nasihatlar berildi.
Bunday hashar tadbirlari mahallalarda ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga hamda hududlarning yanada ozoda va obod bo‘lishiga ko‘maklashadi.
2026-05-26 12-22