15-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Sanya xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda maktab raisi Helen Ma, Kengash raisi Alice Liu, direktor Mark Xing, registrator ofisi direktori Ashley Lei, xalqaro bo‘lim vakillari Ying Chenwei va Liu Tian ishtirok etdilar.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarga universitet faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari va xitoy tilini o‘qitish tizimi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Delegatsiyaga O‘zDJTU haqidagi videorolik namoyish etilib, qabul jarayoni, talablar va shartlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Tomonlar O‘zDJTU talabalari amaliyotini Xitoyda tashkil etish, o‘qituvchilar almashinuvi, maktab o‘quvchilari uchun qishki va yozgi maktablar tashkil qilish bo‘yicha kelishib oldilar.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov hamkorlikni Anglashuv memorandumi asosida boshlash, keyinchalik esa har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida shartnomalar imzolashni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar universitet infratuzilmasi bilan tanishtirildi.
Ma’lumot uchun:
Sanya xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabda 1 000 dan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. O‘quvchilar orasida 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan yoshlar mavjud. Darslar AQSH va Yevropa davlatlaridan jalb etilgan til mutaxassislari ishtirokida olib boriladi. Maktabda sport, musiqa va san’at yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.