18-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiyaning Nippon Travel Agency Co Ltd. kompaniyasi direktor o‘rinbosari Baba Naoki janoblari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov universitet faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, jumladan Yaponiya elchixonasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Yaponiya OTMlari bilan hamkorlik hamda yapon tilini o‘qitish holati haqida batafsil ma’lumot berdi.  

Baba Naoki qabul uchun minnatdorchilik bildirib, xorijiy oliygohlar orasida yapon tilini o‘rganuvchi eng ko‘p talabalar va Yaponiyalik til sohiblari bo‘lgan universitet bilan hamkorlik qilishdan mamnunligini ma’lum qildi.

Muhokamalar natijasida yapon tomoni talabalar uchun intensiv yapon tili hamda kasbiy tayyorlov kurslari (onlayn va offlayn)ni tashkil qilish, O‘zDJTU talabalari amaliyotini O‘zbekiston va Yaponiyadagi korxona va kompaniyalarda tashkil qilish, talabalar uchun Yaponyai OTMlarida 1 semestr yoki 1 o‘quv yilida davomida tahsil olish uchun grant olishlarida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Baba Naoki O‘zDJTUda tarjimon-gidlik va turizm sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, jumladan moddiy-texnik bazasini takomillashtirishda ko‘maklashishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv so‘nggida O‘zDJTU va Nippon Travel Agency Co Ltd. kompaniyasi o‘rtasidagi sheriklik shartnomasi imzolandi.    

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube