24-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiyaning Nagoya shahridan tashrif buyurgan maktab o‘quvchilari ishtirokida madaniy almashinuv tadbiri tashkil etildi.
Tadbir universitetning Ma’naviyat markazida bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyaning Chuo High School va Sakuradai High School maktablari vakillari, jumladan, Masako Asai, Masahito Yoshida, tur koordinatori Hikaru Honda hamda 20 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zDJTU Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev, Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri N. Hamidova hamda kafedra o‘qituvchisi X. Raximova qatnashdilar.
Dastlab mehmonlar tantanali kutib olinib, universitet vakillari tomonidan samimiy tabrik so‘zlari bildirildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari hamda Yapon filologiyasi kafedrasi haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Madaniy dastur davomida mehmonlarga o‘zbek milliy musiqa san’atining yorqin namunasi sifatida doira ijrosi namoyish etildi. Milliy san’atimizning o‘ziga xos jozibasi yaponiyalik mehmonlarda katta qiziqish va iliq taassurot uyg‘otdi.
Tadbirning navbatdagi qismida Nagoya shahridan tashrif buyurgan yoshlar o‘z maktablari, ta’lim jarayoni hamda Yaponiya madaniyati haqida qiziqarli taqdimotlar namoyish etdilar. Ular o‘z mamlakatining urf-odatlari, an’analari va maktab hayoti bilan bog‘liq taassurotlarini O‘zDJTU talabalari bilan baham ko‘rdilar.
Madaniy almashinuvning eng qiziqarli qismlaridan biri karuta — yapon xalqining an’anaviy karta o‘yini musobaqasi bo‘ldi. Yaponiyalik o‘quvchilar boshchiligida tashkil etilgan ushbu musobaqa O‘zDJTU talabalari uchun yapon xalqining an’anaviy o‘yinlaridan biri bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun o‘zbek milliy raqsini o‘rganish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot ham tashkil etildi. Yaponiyalik mehmonlar milliy raqs harakatlarini katta qiziqish bilan o‘rganib, talabalar bilan birgalikda raqs ijro etdilar.
Samimiy muloqot, qiziqarli taqdimotlar va ikki xalq madaniyatining uyg‘unligi ruhida o‘tgan tadbir yakunida barcha ishtirokchilar esdalik uchun birgalikda suratga tushdilar.
Mazkur madaniy almashinuv tadbiri O‘zbekiston va Yaponiya yoshlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki xalqning boy madaniyati va an’analarini o‘zaro o‘rganish hamda ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu kabi uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, turli xalqlarning madaniyatiga hurmat ruhini shakllantirish va O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-08-25 10-55