Barselona universitetida O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Universidad de Barcelona o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

Barselona universitetida O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Universidad de Barcelona o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur kelishuvning asosiy maqsadi Universidad de Barcelona Filologiya va kommunikatsiya fakulteti hamda O‘zDJTU o‘rtasida ilmiy, ta’limiy va texnik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ta’lim va fan sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun aniq va mustahkam huquqiy asos yaratishdan iborat.

 



Shartnoma doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:

— professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil etish;
— ilmiy va o‘quv materiallari, tadqiqot ishlari hamda nashrlarni almashish;
— talabalar va akademik xodimlar uchun malaka oshirish kurslari va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish;
— konferensiyalar, seminarlar, kollokviumlar, ko‘rgazmalar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlarda o‘zaro ishtirok etish;
— qo‘shma aspirantura dasturlarini tashkil etish;
— qo‘shma ilmiy-tadqiqot guruhlarini tuzish.

Mazkur hamkorlikning amaliy rivoji tomonlar o‘rtasida kelishuv asosida tuziladigan yillik dasturlar orqali amalga oshiriladi. Ushbu dasturlar har ikki tomonning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlanadi va zarur hollarda alohida maxsus shartnomalar asosida tartibga solinadi.

 



Shartnomani Universidad de Barcelona nomidan rektor professor Joan Guàrdia Olmos, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan esa rektor professor Ilxomjon Tuxtasinov imzoladi.
 

Ma’lumot uchun:
Universidad de Barcelona — 1450-yilda tashkil etilgan, Ispaniyaning eng yirik va nufuzli davlat universitetlaridan biri bo‘lib, Barselona shahrida joylashgan. Universitet Yevropaning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi va keng ko‘lamli yo‘nalishlarda bakalavriat, magistratura hamda doktorantura dasturlarini taklif etadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube