O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–300-son qarorining 1-ilovasi 54-bandida “Bir million dasturchi” loyihasini kengaytirish orqali eng iqtidorli yoshlarni tanlab olib, xalqaro nufuzli kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida xalqaro IT bozoriga tayyorlash vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan yoshlarga “Bir million dasturchi” loyihasining https://uzbekcoders.uz platformasi orqali AQShning “Coursera” kompaniyasi onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Loyiha doirasida 2023-2025-yillarda 1,2 mln. nafar yoshlarni 8 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslarda bepul o‘qitish hamda IT-Park tomonidan barcha kontentlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi jami 10 ming dona litsenziya sotib olish rejalashtirilgan.

Coursera sertifikatlari butun dunyoda tan olingan bo’lib, yoshlarga yuqori oylik to‘lanadigan ishga joylashishi va qo‘shimcha daromad topishiga imkon yaratadi.

Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 19-maydagi 310-son qarori bilan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi joriy etilgan hamda “Xalqaro IT- sertifikatlar ro‘yxati” tasdiqlangan.

Tasdiqlangan, xalqaro tan olingan va talab yuqori bo‘lgan 230 ta IT-sertifikatdan 40 tasi Coursera dasturlari hisoblanadi.

Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qishi va xalqaro IT sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab berish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunga qadar xalqaro IT-sertifikatini olish uchun qatnashgan yoshlar soni 3276 nafarni tashkil etadi. Shundan 1165 nafar yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun sarf qilgan xarajatlari qoplab berilgan.

2023-11-30 04-44

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi