“Biz – Sohibqiron Amir Temur avlodimiz!”
9-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ma’naviyat-ma’rifat markazi binosida buyuk davlat arbobi, zabardast sarkarda, kuchli markazlashgan davlat asoschisi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan “Biz – Sohibqiron Amir Temur avlodimiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Azimov, kinorejissyor va aktyor Dilmurod Masaidov, teatr va kino aktyori Sobir Otajonov ishtirok etdi. Ular Sohibqiron Amir Temurning tarixiy shaxsiyati, uning hayoti va faoliyati, adolatparvar siyosati hamda bugungi yoshlarga qoldirgan bebaho merosi haqida samimiy fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir davomida Amir Temur siymosining yurt tarixidagi o‘rni, Temuriylar davrining ilm-fan, adabiyot va san’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi keng yoritildi. Ishtirokchilar Sohibqironning donishmandona so‘zlari va o‘gitlaridan ruhlanib, ularning bugungi kun yoshlariga yo‘naltirayotgan ibratli mazmunini ta’kidlab o‘tdilar.
Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, unda Amir Temur hayotining muhim voqealari, uning vatanparvarlik va adolat tamoyillariga asoslangan siyosati badiiy ifodalarda aks ettirildi. Tadbirda Sohibqironning qalamiga mansub bo‘lgan o‘git va hikmatlardan namunalar o‘qib eshittirildi.