Gruziyada muhim uchrashuv: yangi hamkorlik bosqichi boshlanmoqda

Gruziya Respublikasining Oliy ta’lim, fan va yoshlar vazirligida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rasmiy tashrif doirasida delegatsiya vazirlikning Fan va oliy ta’lim departamenti boshlig‘i Ketevan Kokrashvili hamda Oliy ta’lim va xalqaro aloqalar yo‘nalishidagi rahbarlar — Mariam Keburiya, Mariam Grigalashvili va Nino Machurishvili bilan muloqot olib bordi.

 

 

Uchrashuv davomida ikki davlat Bosh vazirlari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, O‘zDJTUda “Gruzin tili markazi”ni tashkil etish, gruzin tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Shuningdek, tomonlar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdilar. Universitet rektori I. Tuxtasinov Tbilisi davlat universitetidan gruzin tili mutaxassislarini jalb etish, o‘quv jarayonini mahalliy muhitga moslashtirilgan dasturlar va yangi avlod o‘quv qo‘llanmalari asosida tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Bundan tashqari, gruzin tilidan dars berish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash maqsadida doktorantlar hamda magistratura talabalari uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ular uchun grantlar ajratish va bepul turar joy bilan ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Gruziya tomoni “Gruzin tili markazi”ni tashkil etish, uni zamonaviy o‘quv-uslubiy va mamlakatshunoslik materiallari, shuningdek, texnik vositalar bilan ta’minlash hamda O‘zDJTUda gruzin tilini o‘qitish jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

 

 

 

Uchrashuvda yana bir muhim tashabbus ilgari surildi — Gruziya oliygohlarining 100 nafar talabalari uchun o‘zbek tili va madaniyatini o‘z ichiga olgan gibrid shakldagi yozgi va qishki lagerlar tashkil etish taklifi. Mazkur tashabbus gruziyalik hamkorlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Muloqot yakunida tomonlar ilgari surilgan takliflarni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzish hamda aniq “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldilar. Shuningdek, Ketevan Kokrashvili 3-aprel kuni Tbilisi davlat universitetida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etib, gruzin tilini o‘qitish masalasiga doir aniq yo‘nalishlarni belgilab berishini ma’lum qildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube