Ozarbayjon tillar universiteti bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abduraxim Nasirov Ozarbayjon tillar universitetida (ODU) bo‘lib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda investitsion imkoniyatlarni kengaytirish yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

6-may kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy o‘quv dasturlari va innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish, xalqaro grant va stipendiya dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, A.Nasirov ODU ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Xamida xonim hamrohligida universitetdagi ilmiy faoliyat bilan tanishdi. Jumladan, professor I.Tuxtasinov, dotsent O.Yusupov va professor N.Isakulova ilmiy rahbarligida dissertatsiya olib borayotgan mustaqil tadqiqotchilar bilan uchrashuv o‘tkazilib, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi hamda tavsiyalar berildi.

Tashrif davomida ODU huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va madaniyati markazi” faoliyatini rivojlantirishmasalalari ham muhokama qilindi. Markaz uchun mas’ul xodim belgilash, o‘zbek tili va madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish hamda o‘zbek tilini ikkinchi yoki uchinchi xorijiy til sifatida o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Jariya xonim va Jayhun muallim bilan memorandum doirasida “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqildi. Unda qo‘shma ta’lim dasturlari, SCOPUS va Web of Science bazalariga mos ilmiy nashrlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy maqolalar hamda magistr va tadqiqotchilarga qo‘shma ilmiy rahbarlik kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon tillar universiteti QS xalqaro reytingida “Zamonaviy tillar” yo‘nalishi bo‘yicha 151–200, “Lingvistika” yo‘nalishi bo‘yicha esa 251–300 o‘rinlarni egallagan. O‘zDJTU esa “Lingvistika” yo‘nalishida 201–250o‘rinlarda qayd etilgan. Har ikki universitetda ham o‘zaro samarali hamkorlik natijasida o‘tgan yilga nisbatan 50 pog‘onaga yuqorilash kuzatilgan.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube