O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli xatiga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kontrakt to‘lovlarini qoplash ishlari tashkil etildi.

Mazkur topshiriq doirasida universitetda talabalar ijtimoiy holati o‘rganilib, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan 105 nafar talaba ro‘yxati shakllantirildi. Ularning 2025–2026 o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovlarini qoplash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, belgilangan tartibda taqdim etildi. Natijada ajratilgan mablag‘lar universitet hisob raqamiga to‘liq o‘tkazildi.

Bugun universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga tashrif buyurib, universitet vakillari bilan birgalikda fond mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy yordam alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida universitet nomidan tashakkurnoma topshirilib, ko‘rsatilgan yordam va samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirildi.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash talabalarning o‘qishni uzluksiz davom ettirishiga imkon bermoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube