3-mart kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova hamda Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djurayev Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi Ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sun janoblari va elchixonaning konsullik bo‘limi mas’ul xodimi Jang xonimni qabul qildilar.

 

 

Uchrashuv davomida XXR bilan ta’lim va ilm-fan sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, OʻzDJTUda Xitoy tili va HSK Test markazini ochish, talabalar uchun amaliyot va “Work and Travel” dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha fikr almashildi.

Mazkur uchrashuvdan so‘ng Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Xan uslubi tarovati, Ot yilining yangi sahifasi” nomli Xitoy Yangi yili bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda xitoy tili guruhi talabalari tomonidan Xitoy va O‘zbekistonning boy madaniyatini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, milliy raqs va qo‘shiqlar namoyish etildi. Ushbu dastur mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida tomonlar xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va har bir bosqichda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar bo‘yicha kelishib oldilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube