O‘zDJTU delegatsiyasi nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
THE Global Sustainable Development Congress 2026 xalqaro kongressi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi dunyoning turli mintaqalaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Jumladan, Indoneziyaning Universitas Indonesia, BINUS University, Hasanuddin University hamda Universitas Negeri Jakarta, shuningdek, United Arab Emirates University va University of Zimbabwe vakillari bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar davomida universitetlarning xalqaro reytinglardagi natijalari, ta’lim va ilmiy faoliyatdagi ilg‘or tajribalari muhokama qilindi. Xususan, Universitas Indonesia QS World University Rankings 2026 reytingida dunyoning eng yaxshi 200 ta oliy ta’lim muassasasi qatoridan joy olgan bo‘lsa, United Arab Emirates University Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi universitetlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. BINUS University esa innovatsion ta’lim va raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi yutuqlari bilan ajralib turadi.
Muzokaralarda akademik hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro grantlar hamda konferensiyalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida hamkorlik memorandumlarini imzolash, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda akademik aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda universitetning xalqaro akademik maydondagi nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.