O‘zDJTU delegatsiyasi THE rahbariyati bilan strategik uchrashuvlar o‘tkazdi
Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilayotgan THE Global Sustainable Development Congress 2026 xalqaro kongressining uchinchi kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Times Higher Education (THE) tashkiloti rahbariyati va mas’ul vakillari bilan qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar davomida universitetning xalqaro reytinglardagi ishtirokini kengaytirish, reyting ko‘rsatkichlarini takomillashtirish, ma’lumotlarni boshqarish va tahlil qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, THE tomonidan taqdim etilayotgan yangi platforma va xizmatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, THE vakili Abdullah Arslan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda DataPoints platformasining imkoniyatlari, universitet faoliyatiga oid ma’lumotlarni shakllantirish va tahlil qilish jarayonlari hamda platformadan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, THE tashkilotining hamkorlik masalalari bo‘yicha mas’ul vakili Tony Flaherty bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va THE o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetning xalqaro reytinglardagi ishtirokini kengaytirish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunida THE vakillariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan milliy an’analarni aks ettiruvchi esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zDJTUning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda global akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
