O‘zDJTU jamoasi “Yoshlar – giyohvandlikka qarshimiz!” respublika ko‘rik-tanlovi final bosqichida ishtirok etadi
16-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Giyohvandlikka qarshi yoshlar” jamoasi Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yoshlar – giyohvandlikka qarshimiz!” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida ishtirok etish uchun yo‘lga chiqdi.

Safar oldidan universitet rektori Ilhxomjon Tuxtasinov jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga mas’uliyatli bellashuvda omad va muvaffaqiyat tiladi. U yoshlarning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlikka qarshi kurashish borasidagi tashabbuslari jamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, jamoaning final bosqichida universitet sha’nini munosib himoya qilishiga ishonch bildirdi.
Respublika final bosqichi 17–20-iyun kunlari Termiz shahrida o‘tkaziladi. Unda hududiy saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 30 ta oliy ta’lim muassasasi jamoalari o‘zaro bellashadi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasiga mazkur nufuzli tanlovda ulkan zafarlar va munosib natijalar tilaymiz!