OʻzDJTU magistratura bitiruvchilariga diplomlar tantanali ravishda topshirildi
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 2025/2026-oʻquv yili magistratura bitiruvchilari uchun tantanali bitiruv kechasi tashkil etildi. Marosimda universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov soʻzga chiqib, bitiruvchilarni magistrlik diplomini qoʻlga kiritgani bilan samimiy tabrikladi. Rektor oʻz nutqida magistratura bosqichi davomida ilm-fan, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirish va zamonaviy kompetensiyalarni egallash yoʻlida fidokorona mehnat qilgan bitiruvchilarning saʼy-harakatlarini eʼtirof etar ekan, ularni halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, kasbiy mahorat va yuksak maʼnaviyat tamoyillariga sodiq boʻlishga chorladi. Shuningdek, universitet bitiruvchilarning kelgusidagi ilmiy izlanishlari va kasbiy yutuqlari bilan doimo faxrlanishini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun, joriy yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti magistraturasini 17 ta mutaxassislik boʻyicha 343 nafar magistrant muvaffaqiyatli tamomladi. Bitiruvchilarga magistrlik diplomlari tantanali ravishda topshirilib, ularning kelgusi ilmiy va kasbiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi.
2026-07-28 10-24