O‘zDJTU prorektori Ozarbayjonda xalqaro hamkorlik safarida
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Abdurahim Nosirov Ozarbayjon tillar universiteti (ODU) rektorining taklifiga binoan hamda ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida Boku shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
5-may kuni ODUda Haydar Aliyev tavalludining 103 yilligiga bag‘ishlangan “Haydar Aliyev: Multikulturalizm va bag‘rikenglik mafkurasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir boshlanishidan avval ishtirokchilar Faxriy xiyobonda Haydar Aliyev xotirasini hurmat bilan yod etib, uning qabriga gullar qo‘ydilar.
Konferensiyani ODU rektori, akademik Kamal Abdulla kirish so‘zi bilan ochib, mehmonlarni samimiy qutladi va mazkur anjuman ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Tadbirda turli xorijiy mamlakatlardan fan va ta’lim vakillari, olimlar, ziyolilar hamda jamoat arboblari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida so‘zga chiqqan Abdurahim Nosirov O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda ko‘p madaniyatlilik va bag‘rikenglik masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, ODU va O‘zDJTU o‘rtasidagi hamkorlik izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Jumladan:
— Toshkentda Ozarbayjon tili markazi, ODUda esa o‘zbek tili markazi faoliyat yuritayotgani,
— O‘zDJTUda ozarbayjon tili uchinchi chet tili sifatida o‘qitila boshlangani,
— ODU professor-o‘qituvchilari O‘zDJTUda faoliyat olib borayotgani,
— O‘zDJTU olimlari ODU tadqiqotchilariga ilmiy maslahatlar berayotgani alohida e’tirof etildi.
Konferensiya doirasida “Haydar Aliyev va turkiy dunyo: tarix va zamonaviylik” hamda “Ommaviy axborot vositalari va raqamli makonda madaniyatlararo muloqot” mavzularida sho‘ba yig‘ilishlari ham bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda, shuningdek, Burak Eke, Lyudmila Bejenaru, Liza Brandt, Sevinj Fataliyeva va Arzu Nagiyev kabi xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalarida ko‘p tillilik, madaniy xilma-xillik va bag‘rikenglik masalalari ilmiy hamda madaniy muhitni xalqarolashtirishda muhim omil ekanini ta’kidladilar.