O‘zDJTU rahbariyati kuz–qish mavsumida talabalarning yashash sharoitini o‘rgandi
Bugun, 10-noyabr kuni, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxom Tuxtasinov rahbarligidagi ishchi guruh Uchtepa tumanida ijara uylarda istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rgandi.
Tashrif davomida rektor va rahbariyat vakillari bir nechta xonadonlarda bo‘lib, isitish tizimi, sanitariya-gigiyena talablari, yotoq joylarining qulayligi hamda xavfsizlik masalalarini atroflicha ko‘zdan kechirdilar.
Uchrashuv chog‘ida talabalarning darsga qatnashish holati, o‘qish va dam olish sharoitlari, ijtimoiy faolligi ham muhokama qilindi. Talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mavjud muammolar haqida ma’lumot berishdi.

Shuningdek, xonadon egalari bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga talabalarga nisbatan e’tiborli munosabatda bo‘lish, xavfsizlik va tozalik qoidalariga amal qilish, shuningdek, qulay yashash muhitini yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — kuz–qish mavsumida talabalarning qulay, xavfsiz va sog‘lom sharoitda yashashini ta’minlash, ularning ijtimoiy holati bilan yaqindan tanishish hamda zarur yordamni ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.