O‘zDJTU talabalari Ummon Sultonligidagi malaka oshirish safaridan qaytdi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Tojiyeva Zamira hamda ushbu kafedraning 3-bosqich talabalari joriy yilning 11-aprelidan 8-iyungacha Ummon Sultonligidagi nufuzli Sulton Qobus universitetida malaka oshirib, qisqa muddatli ta’lim dasturida ishtirok etishdi.

 

 

Dastur davomida ular CEFR, ACTFL, APL kabi xalqaro baholash tizimlari bo‘yicha nazariy bilimlar oldilar, ilg‘or metodlar va amaliy dars strategiyalarini o‘rganib, darslarda faol va passiv amaliyotchi sifatida qatnashdilar. Shuningdek, sayyor mashg‘ulotlar orqali Ummonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishdilar.

Tashrif doirasida talabalar va ustozlar 19-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining Ummon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov bilan uchrashib, universitet faoliyati va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr almashdilar.

27-aprel kuni Muskat shahrida tashkil etilgan xalqaro kitoblar ko‘rgazmasida ishtirok etildi. Ko‘rgazmada O‘zDJTU professori Ahmad al-Zubaydiy tomonidan chop etilgan "Sen tarjimonmisan?" nomli asar ham namoyish qilindi.

8-may kuni Sulton Qobus universitetida o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan madaniy kechada milliy taomlar va sahna ko‘rinishlari orqali o‘zbek xalqining boy an’analari namoyish etildi.

 

 

Malaka oshirish dasturi yakunlanganidan so‘ng, 13-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda universitet rahbariyati vakillari, jumladan Tarjimonlik fakulteti dekani hamda tegishli bo‘lim va kafedralar vakillari ishtirokida talabalar va ustozlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda dastur davomida orttirilgan bilim va tajribalar, kelgusidagi ilmiy-amaliy loyihalar, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Talabalar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, universitet tomonidan yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube