O‘zDJTU va Buenos-Ayres universiteti vakillari bilan onlayn muloqot o‘tkazildi
2026-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Argentinaning Buenos-Ayres universiteti vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, Buenos-Ayres universiteti jahon universitetlari reytingida 84-o‘rinni egallagan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, unda 300 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Universitet tarkibida 72 ta tadqiqot instituti faoliyat yuritadi va ularda 17 mingdan ortiq tadqiqotchi ilmiy izlanish olib boradi.
Universitet talabalari va professorlari orasidan 5 nafari Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan. Ular — Karlos Saavedra Lamas, Bernardo Houssay, Luis Federico Leloir, Adolfo Peres Esquivel va Sezar Milstein. Shuningdek, Buenos-Ayres universitetini 16 nafar Argentina prezidenti bitirgan, ular orasida eng so‘nggisi Alberto Fernandes hisoblanadi.
Muloqot davomida 2025-yil 24–25-aprel kunlari O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov rahbarligidagi delegatsiyaning Buenos-Ayres universitetiga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, O‘zDJTUda ispan tilini o‘qitish sifatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Buenos-Ayres universitetining Falsafa va adabiyot fakulteti Transfer, institutlararo va xalqaro aloqalar bo‘yicha kotibi Martin Gonsales 2026/2027-o‘quv yilining ikkinchi semestridan boshlab fakultetning ispan tili o‘qituvchisi, PhD Fernando Bogado Roman-german filologiyasi fakultetida dars berish uchun yuborilishini ma’lum qildi. Hozirda Fernando Bogadoning aviachipta va boshqa xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani bildirildi.
O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev xorijiy professor-o‘qituvchilar uchun universitet tomonidan yaratiladigan shart-sharoitlar, jumladan, yotoqxonadan bepul joy ajratilishi hamda moliyaviy shartlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Buenos-Ayres universiteti vakillariga talabalar uchun akademik mobillik doirasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, mustaqil izlanuvchilikka jalb etish, tadqiqotchilarga Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borishda ko‘maklashish, chet tillari o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari hamda qo‘shma malaka oshirish dasturlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Fernando Bogado o‘zbek tili va adabiyoti hamda qiyosiy tilshunoslik yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib borishga qiziqishini bildirib, mazkur yo‘nalishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor A. Nasirov O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Buenos-Ayres universiteti bilan ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv Ispan tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Dilrabo Baxronova tomonidan tashkil etildi. Muloqot davomida u Buenos-Ayres universiteti vakiliga o‘zbek tili va adabiyoti, madaniyati hamda tarjimashunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
Muloqot yakunida tomonlar muntazam aloqada bo‘lish, yangi taklif va tashabbuslar yuzasidan o‘zaro fikr almashib borish hamda mavjud kelishuvlarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar.
2026-08-21 11-40