O‘zDJTU va UNESA o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) hamda Indoneziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Surabaya davlat universiteti (UNESA) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Jumladan, UNESA tomonidan Dr. Anung Priambodo, Dr. Karvanto, Dr. Yuli Lolita, Dr. Ima Widyanah, Awang Dharmavan hamda Dr. Maspiyah M.Kes.; O‘zDJTU tomonidan esa rektor I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i K. Muradqasimova hamda Ingliz tili 1-fakulteti dekani G. Ergasheva ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasidagi o‘zaro hamkorlik, o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvi, innovatsion ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda pedagogik tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida uch xil turdagi hamkorlik memorandumlari (MoU) imzolandi:

 1. UNESA universiteti bilan hamkorlik memorandumi — ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamda qo‘shma ilmiy anjumanlar tashkil etishni nazarda tutadi.

 2. UNESA Labschool bilan hamkorlik memorandumi — ilg‘or pedagogik tajribalar va akademik almashinuv asosida talabalar pedagogik amaliyotini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

 3. UNESA Ta’lim va malaka oshirish markazi bilan hamkorlik memorandumi — o‘qituvchilar malakasini oshirish, trening va sertifikatlash dasturlarini amalga oshirish hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etishni ko‘zda tutadi.

Mazkur memorandumlarning imzolanishi O‘zDJTU va UNESA o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube