O‘zDJTU va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zDJTU va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

Joriy yilning 20-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xitoyning Tang International Education Group va Tang International Education and Technology kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida O‘zDJTUda Kasbiy ta’lim markazi (Future Competency Centre), Sun’iy intellekt laboratoriyasi hamda xitoy tili bo‘yicha HSK Test markazini tashkil etish, Xitoy Xalq Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar uchun qisqa muddatli amaliyot va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

 



Tang International Education Group kompaniyasi prezidenti Li Jinsong memorandum imzolangandan so‘ng ishchi guruh tuzish, hamkorlikning tashkiliy va moliyaviy masalalarini muhokama qilish, shuningdek, talab yuqori bo‘lgan kasblarni aniqlash va tegishli takliflarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, kompaniya O‘zDJTU ehtiyojlaridan kelib chiqib, Xitoydagi oliy ta’lim va kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari orasidan hamkorlarni aniqlash va ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi.

O‘zDJTU xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori A. Nasirov universitet rahbariyati mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi va hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Xususan, markazlar uchun zarur xonalarni ajratish, jalb etiladigan mutaxassislarga zarur sharoitlarni yaratish hamda kelishilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

 



Uchrashuv yakunida Tang International Education Group va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi.

Shundan so‘ng mehmonlar Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev hamrohligida kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan markazlar uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan xonalar bilan tanishdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube