O‘zDJTUda Germaniyaning ZEvA akkreditatsiya agentligi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Germaniyaning ZEvA akkreditatsiya agentligi boshqaruv bo‘yicha direktori va xalqaro aloqalar bo‘yicha mas’ul xodimi Henning Schafer bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, xalqaro reytinglar bo‘limi boshlig‘i B. Nishanaliev, qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i K. Muradkasimova hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida ZEvA agentligining faoliyat yo‘nalishlari, akkreditatsiya jarayonining tartibi va talablari, bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish shartlari, muddati va to‘lov miqdorlari batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini akkreditatsiya qilish, sertifikatlarning xalqaro miqyosda tan olinishi masalalari ham kun tartibiga kiritildi.
Henning Schafer ta’kidlaganidek, ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni odatda 6–12 oy davom etadi. Bir dastur uchun to‘lov miqdori 15 ming yevroni tashkil etib, bir nechta dastur yoki institutsional akkreditatsiya amalga oshirilgan taqdirda chegirmalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ZEvA agentligi xalqaro reytinglarda ilk 300 talikdan joy olgan oliy ta’lim muassasalari dasturlarini tashqi akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazganini qayd etdi.
Uchrashuv davomida F. Rashidova va K. Muradkasimova qo‘shma ta’lim dasturlari hamda doktorantura yo‘nalishlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibiga oid savollariga javob oldilar. A. Nasirov esa O‘zDJTU xalqaro akkreditatsiya talablari va yo‘riqnomalari bilan tanishib chiqqach, universitet tomonidan qo‘shimcha taklif va mulohazalar taqdim etilishini ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘quv dasturlarining xalqaro darajada tan olinishi yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.