O‘zDJTUda ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi
2026-yil 29-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi tashabbusi bilan tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilar uchun “Ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish strukturasi” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.
Seminarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rektor o‘z nutqida universitetda ilmiy salohiyatni yuksaltirish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, yosh olimlar va izlanuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi hamda ilmiy izlanishlarda metodologik yondashuvning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Tadbirda universitet rahbariyati vakillari, professor-o‘qituvchilar, fakultet va kafedra mas’ullari, tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilar ishtirok etdi.
Seminarda psixologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, “Profi University” rektori G‘ayrat Shoumarov ilmiy tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot metodologiyasini to‘g‘ri tanlash, ilmiy izlanishlarni rejalashtirish, dissertatsiya ishlarini yozish jarayonida uchraydigan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.
Shuningdek, ma’ruzachi ilmiy ishlarni tayyorlashda mavzuning dolzarbligini asoslash, ilmiy yangilikni belgilash, tadqiqot metodlarini to‘g‘ri qo‘llash, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish hamda ilmiy maqolalarni nufuzli jurnallarda chop ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ilmiy tadqiqotlarni olib borishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Tadbir ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan yosh tadqiqotchilar uchun muhim tajriba almashish va kasbiy mahoratni oshirish maydoniga aylandi.
Seminar ishtirokchilari G‘ayrat Shoumarovning boy ilmiy-pedagogik tajribasi va amaliy tavsiyalarini yuqori baholab, bunday uchrashuvlar yosh tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun:
G‘ayrat Shoumarov — psixologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda psixologiya fanining rivojiga katta hissa qo‘shgan yetuk olimlardan biridir. U 400 dan ortiq ilmiy ishlar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi bo‘lib, oila psixologiyasi yo‘nalishida shakllangan ilmiy maktab asoschilaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
G‘ayrat Shoumarov 2002–2008-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligi davrida universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida qator islohotlar amalga oshirilgan.
Shuningdek, u 2008–2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Ta’lim tizimiga psixologik xizmatni joriy etish, davlat ta’lim standartlarini takomillashtirish hamda pedagogika va psixologiya yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.