O‘zDJTUda ishlab chiqarish yig‘ilishi: asosiy e’tibor PF-58 farmoni ijrosiga qaratildi
20-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorati binosida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov raisligida ishlab chiqarish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda prorektorlar, rektor maslahatchilari, fakultet dekanlari hamda boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi — PF-58 Prezident farmoni mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, unda belgilangan ustuvor vazifalarni aniqlashtirish hamda ularning ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishishdan iborat bo‘ldi.

Rektor Ilxomjon Tuxtasinov o‘z so‘zida mazkur farmon oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini ta’kidlab, universitet jamoasi oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Xususan, farmon doirasida ilgari surilgan “5T” tamoyili, “U10” dasturi, milliy reyting tizimi, ilmiy faoliyatni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari hamda raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy talabalarni jalb etish hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, kun tartibi doirasida aprel oyiga rejalashtirilgan sport va ma’naviy tadbirlarga tayyorgarlik, talaba-yoshlar, ayniqsa talaba-qizlar orasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Mazkur masalalar yuzasidan birinchi prorektor V. Sadiyev axborot berdi.
Bundan tashqari, 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul parametrlariga takliflar hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv ishlari prorektori Ch. Chutpulatov tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Yig‘ilish yakunida PF-58 farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olinib, ularni o‘z vaqtida va samarali bajarish yuzasidan mas’ullar biriktirildi.