O‘zDJTUda KOICA rahbarlari va volontyorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
11-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) rahbarlari va volontyorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Abdurahim Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev, Koreys filologiyasi kafedrasi mudiri M. Absalomov, KOICA direktor o‘rinbosari Kim Siyon, loyihalar koordinatorlari Cha Juna va Shukurullo Shukurov, shuningdek, KOICA volontyorlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU va KOICA o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi natijalari hamda kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, KOICA volontyorlik dasturi O‘zDJTUda to‘rtinchi marotaba tashkil etilmoqda. Shu kungacha dastur doirasida 54 nafar volontyor universitetda faoliyat yuritib, talabalarga koreys tili va madaniyati bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Shuningdek, talabalar uchun K-Pop, samulnori va taekvondo yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etilgan.
Uchrashuvda joriy yil 21-aprel kuni Sharq filologiyasi fakultetida ochilgan “Koreya ta’lim va madaniyat markazi” faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaz talabalarning koreys tili va madaniyatini chuqurroq o‘rganishi, Koreya san’ati bilan yaqindan tanishishi hamda til muhitida bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Shuningdek, markaz faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Xususan, qo‘shimcha xonalardan sun’iy intellekt texnologiyalari asosida elektron ta’lim platformalarini yaratish, TOPIK imtihonlariga tayyorgarlik kurslarini tashkil etish, laboratoriya va kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadlarida foydalanish masalasi muhokama qilindi.
Mazkur yo‘nalishlarda koreyalik ekspertlarni jalb etish hamda 2027-yilda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, talabalar uchun o‘zbek tili va moslashuv kurslarini tashkil etish, koreys tili guruhlari uchun til va madaniyatga oid mashg‘ulotlarni kengaytirish, volontyorlarning kelgusidagi reja va vazifalarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va KOICA o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim, til o‘rganish va madaniy almashinuv yo‘nalishlarida yangi loyihalar asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
2026-08-12 09-54