O‘zDJTUda Koreyaning Englishunt kompaniyasi vakillari bilan istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-yil 4-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreyaning Englishunt kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, universitetning mas’ul rahbar va mutaxassislari hamda Englishunt kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Chungrim Han boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida raqamli ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng joriy etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ingliz tilini o‘qitish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan Testglider onlayn platformasini universitet faoliyatiga joriy etish, undan IELTS imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish, diagnostik va Mock testlarni tashkil etishda foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Mazkur platforma orqali talabalarning bilim darajasini baholash, individual tavsiyalar berish va tayyorgarlik samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt asosida faoliyat yurituvchi ingliz tilini o‘rganish platformalaridan maktab o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun foydalanish istiqbollari muhokama qilinib, ularni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, jumladan, xalqaro ekspertlar ishtirokida qo‘shma malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etildi.

Bundan tashqari, loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun ikki tomonlama ishchi guruhni shakllantirish, hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini belgilash, platformalardan foydalanishning tashkiliy jihatlari, litsenziyalash, texnik qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy shartlar yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini universitet amaliyotiga tatbiq etish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.