Surdo tarjima sohasining yetuk mutaxassisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 25-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida surdo tarjima sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis Abduazimova Manzura Axnazarovna bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida bugungi kunda surdo tarjimonlik kasbining jamiyatdagi o‘rni tobora ortib borayotganini, eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun axborot va ta’limdan teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda malakali surdo tarjimonlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ustuvor vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda sohaga qiziquvchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Abduazimova Manzura Axnazarovna O‘zbekistonda xalqaro imo-ishora tilini rivojlantirish, surdo tarjimonlik faoliyatidagi ko‘p yillik tajribasi, inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, televideniye va davlat miqyosidagi muhim tadbirlarda surdo tarjimon sifatida orttirgan amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar mutaxassis bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
